Dezinfeksiya vositalarini yopiq binolarda sepish yoki fumigatsiya qilish (kimyoviy gazlar bilan zararsizlantirish) koronavirus holatlarida samarasiz, deya ma’lum qildi RIA Novosti JSSTning COVID-19 muhitida atrof-muhitni tozalash va dezinfeksiya qilish bo‘yicha vaqtinchalik qo‘llanmasiga tayanib.

Koronavirusdan bunday yo‘l bilan himoyalanish ko‘z, nafas yo‘llari va teri qoplamalariga zarar yetkazishi mumkin, deyiladi hujjatda.

Qandaydir sathni dezinfeksiya qilish kerak bo‘lsa, buni maxsus moddaga botirib olingan latta bilan amalga oshirgan ma’qul. Aloqasiz dezinfeksiya qilishda esa yuza avval cho‘tka yordamida organik iflosliklardan tozalab olinishi kerak, deya eslatib o‘tdi tashkilot.

JSST ko‘cha yoki bozorlarga ham dezinfeksiyalovchi vositalarni sepmaslikni maslahat bermoqda. Chunki ular ifloslik yoki chiqindilar ustiga tushgan taqdirda ta’sirini yo‘qotadi. Piyodalar yo‘laklarini fumigatsiya qilish yanayam samarasiz, chunki bunda gazlar ishlov berilayotgan vaqtda yuzalarni to‘liq qoplamaydi va patogenlarni bartaraf etmaydi. Bundan tashqari, ko‘chalar va yo‘laklar COVID-19 zarrachalari konsentratsiya bo‘ladigan joylar hisoblanmaydi.

“Dezinfeksiyalovchi vositaarning odamlarga (masalan koridorlar, kabinetlar va boshqa binolarda) sepilishi hech qanday holatda ham tavsiya qilinmaydi. Bu jismoniy va ruhiy nuqtai nazardan zararli hamda kasallik yuqtirgan odamdan havo-tomchi yo‘li yoki to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqa qilishda infeksiya tarqalishini kamaytirmaydi”, — deyiladi hisobotda.