19 may kuni Rossiya bosh vaziri Mixail Mishustin koronavirus infeksiyasidan butunlay sog‘ayib, hukumat boshqaruviga qaytdi. Bu haqda RIA Novosti uning matbuot kotibi Boris Belyakovga tayanib xabar berdi.

Eslatib o‘tamiz, 30 aprel kuni Rossiya bosh vaziri Mixail Mishustinda koronavirus infeksiyasi aniqlangan edi. U infeksiyadan davolanishi davomida uning birinchi o‘rinbosari Andrey Belousov vaqtincha bosh vazir vazifasini bajarib turgandi.

“Mixail Vladimirovich davolanishini tugatdi va tibbiy muassasadan bo‘shatildi. U hukumat uyida o‘zini ishini boshlab yubordi. Ertalab u hamkasblari bilan videokonferensiya rejimida ishchi uchrashuvini o‘tkazdi. Endi, u prezident bilan uchrashuvga tayyorgarlik ko‘rmoqda”, dedi Belyakov.

Ma’lum qilinishicha, bungacha Mishustin kasalxonada bo‘lganida videokonferensiya orqali bir qator uchrashuvlar o‘tkazgan va shuningdek, onlayn rejimda Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan uchrashuvlarda ishtirok etgan.

O‘z o‘rnida, Vladimir Putin bosh vazir Mixail Mishustinni koronavirus infeksiyasidan sog‘aygani va o‘z ishini to‘liq boshlashi mumkinligi bilan tabrikladi.

“Sizni, Mixail Vladimirovich, ushbu virusdan butunlay xalos bo‘lganingiz bilan tabriklayman. So‘nggi bir necha testlaringiz, menga shifokorlar aytganidek, manfiy chiqdi, shuning uchun siz ishingizni to‘liq boshlashingiz mumkin. Siz ushbu kasallikka qaramay [davolanish paytida] deyarli to‘liq ishladingiz. Sizni ushbu infeksiyani yengib o‘tganingiz bilan tabriklayman”, dedi Putin bosh vazirga murojaat qilib, iqtisodiyot va ijtimoiy sohani qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan yig‘ilishda.

Avvalroq, koronovirus infeksiyasiga Rossiya prezidentning matbuot kotibi Dmitriy Peskov ham chalingan edi. Hozirda u shifoxonada davolanmoqda.