Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 19 may kuni tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.

Pandemiya tufayli kambag‘al aholi va ishsizlar soni oshishi, oilalar daromadi kamayishi tayin. Shu sababli qisqa fursatda yangi ish o‘rinlari yaratish uchun kichik biznes va oilaviy tadbirkorlikni faol qo‘llab-quvvatlash zarur. Yig‘ilishda bu boradagi qo‘shimcha chora-tadbirlar va ustuvor vazifalar muhokama qilindi.

Avvalo, tadbirkorlar huquqlari kafolatlari va mulk daxlsizligini ta’minlash masalasiga jiddiy e’tibor qaratildi.

“Barcha hokimlarni ogohlantiraman. Birorta tadbirkorning mulki noqonuniy olib qo‘yilsa, hokim faqat ishdan ketish bilan qutulmaydi, balki qonun oldida javob beradi”, — deya ta’kidladi Shavkat Mirziyoyev.

Mutasaddi idoralarga mulk daxlsizligini buzganlik uchun javobgarlikni kuchaytirish, mulkni kompensatsiya qilish bo‘yicha tadbirkorlar foydasiga chiqarilgan sud qarorlari ijrosini to‘liq ta’minlash bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

Prezident topshirig‘iga ko‘ra, tadbirkorlik muhiti har bir tuman va shahar kesimida oyma-oy tahlil va xulosa qilib boriladi. Shuningdek, Biznes-ombudsman tadbirkorlar huquqi va mulk daxlsizligini buzgan tuman va shahar hokimlari to‘g‘risida hukumatga ma’lumot kiritib boradi.

Vazirlar Mahkamasi tadbirkorlar muammosini hal qilmagan, ular bilan yetarli darajada ishlamagan shahar va tuman hokimlarining lavozimga loyiqligini ko‘rib chiqadi.

Yig‘ilishda tadbirkorlar bilan ishlashda sustkashlikka yo‘l qo‘ygan ayrim tuman va shahar hokimlarini vazifasidan ozod qilish bo‘yicha ko‘rsatma berildi.