Seshanba kuni Markaziy Osiyoning besh davlati — Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston va O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi vazirlari ilk bor onlayn yig‘ilish o‘tkazdi. U BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) hamda o‘zbek tomoni tashabbusi bilan o‘tkazildi.

FAOning xabar berishicha, yig‘ilishdan ko‘zlangan maqsad COVID-19 koronavirus infeksiyasi pandemiyasi vaqtida oziq-ovqat xavfsizligi va qishloq xo‘jaligini rivojlantirish masalalarini muhokama qilishdan iborat edi.

Vazirlarga FAO, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki, Yevroosiyo taraqqiyot banki, Qishloq xo‘jaligini rivojlantirish xalqaro jamg‘armasi, Islom taraqqiyot banki va Jahon banki ekspertlari ham qo‘shildi.

FAOning yaqinda chop etilgan byulletenida Yevropa va Markaziy Osiyoda asosiy oziq-ovqat mahsulotlari, jumladan bug‘doy yetkazib berish dunyoning qolgan qismida bo‘lgani kabi barqaror ekani qayd etilgan. Biroq COVID-19 pandemiyasi oqibatlarini yumshatish bo‘yicha ko‘rilgan choralar natijasida logistika sohasida uzilishlar yuzaga keldi, natijada ayrim davlatlarda oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining taqsimlanishida qiyinchiliklar paydo bo‘ldi.

Vazirlar hozirgi vaziyat oqibatlarini yengib o‘tish bo‘yicha siyosat, harakatlar va rejalarni ishlab chiqish tajribalari bilan o‘rtoqlashdilar. Ular oziq-ovqat ta’minoti va oziq-ovqat ishlab chiqarish zanjirlarida uzilishlarga yo‘l qo‘ymaslikka qaratilgan milliy tashabbuslar va chora-tadbirlarni ham muhokama qildilar.

Kelgusida pandemiyaning oziq-ovqat xavfsizligi va qishloq xo‘jaligi uchun ta’sirini yumshatish maqsadida samarali va o‘z vaqtida hamkorlik olib borish uchun shu kabi axborot almashinuvlarini yo‘lga qo‘yish rejalashtirildi.