19 may soat 10:00 holatiga ko‘ra, O‘zbekistonda koronavirus infeksiyasi qayd etilganlar soni 2802 nafarni tashkil qilmoqda. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi xabar qildi.

Unga ko‘ra, qayd etilgan yangi kasallanish holatlarining 10 nafari xorijdan kelgan fuqarolarda (ulardan 7 nafari Rossiyadan kelgan va 3 nafari xalqaro yuk tashuvchi avtomashina haydovchisi) hamda 1 nafari oldindan karantinda bo‘lgan fuqarolar orasidan aniqlangan.

Bosh davlat sanitariya inspektori Nurmat Otabekov so‘zlariga ko‘ra, hozirda Respublika bo‘ylab koronavirus infeksiyasidan 475 kishi davolanmoqda, ulardan 6 nafarining ahvoli og‘ir, deb baholanmoqda.

Ayni paytda 48 mingdan ortiq fuqaro karantin muddatlarini o‘tayapti. Ularning 16 mingdan ortiqrog‘i statsionar sharoitida, qolgan 32 ming nafari uy sharoitida karantin tadbirlari bilan qamrab olingan.

Shuningdek, Respublikadagi mavjud virusologik laboratoriyalarda 515 mingtadan ortiq test sinovlari o‘tkazildi. Kechagi kunning o‘zida 12,8 mingdan ko‘proq virusologik tekshirishlar o‘tkazildi, dedi Nurmat Otabekov.

Koronavirus infeksiyasidan sog‘ayganlar soni hozirda 2314 kishini tashkil etmoqda. O‘n uch kishi hayotdan ko‘z yumgan.