Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tgan videoselektor yig‘ilishida yana 12 ming nafar fuqarolarni O‘zbekistonga olib kelish choralari ko‘rilayotganligi aytildi.

Yig‘ilishda ma’lum qilinishicha, kasallikni yuqtirgan 2 ming 802 nafar fuqaromizdan 2 ming 314 nafari yoki 82 foizi butunlay sog‘aygan. Koronavirusga qarshi kurashda qatnashayotgan 23 ming nafar tibbiyot xodimlariga jami 78 milliard so‘mdan ziyod rag‘batlantirish puli to‘lab berilgani aytildi.

“Kasallikka qarshi kurashish bilan birga, chet ellardagi fuqarolarimiz haqida ham qayg‘uryapmiz. Hozirgi kungacha xorijdan 39 ming nafar yurtdoshlarimizni olib keldik. Tashqarida og‘ir ahvolda qolgan yana 12 ming nafar fuqaromizga tegishli yordam ko‘rsatib, ularni yurtimizga olib kelish choralari ko‘rilmoqda”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Oldinroq Ubzekistan Airways tomonidan O‘zbekiston fuqarolarini xorijdan olib kelish bo‘yicha charter reyslar jadvallari e’lon qilingan edi.