Bosh prokuratu Samarqand viloyatida 34 kishiga koronavirus infeksiyasi yuqishiga sababchi bo‘lgan shifokorga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishini bekor qildi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi xabar berdi.

Avvalroq viloyatning Oqdaryo tuman tibbiyot birlashmasida bo‘lim mudiri bo‘lib ishlaydigan X.D. o‘zida kasallik alomatlari bo‘lishi qaramasdan o‘zini-o‘zi davolab yurgani, bu bo‘yicha tegishli muassasalarga murojaat qilmagani xabar qilingan edi. Oqibatda X.D. u bilan doimiy muloqotda bo‘lgan turmush o‘rtog‘i va boshqa qarindoshlari, o‘zi davolagan bemor va hamkasblaridan 11 nafariga, ular orqali yana 23 nafar shaxsga COVID-19 infeksiyasi yuqishiga sababchi bo‘lgan.

12 may kuni X.D.ga nisbatan JKning 257−1-moddasi 1-qismi (sanitariyaga oid qonun hujjatlarni yoki epidemiyaga qarshi kurash qoidalari buzish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari boshlangan.

Sog‘liqni saqlash vazirligi X.D.ga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atish to‘g‘risidagi qarorni asossiz, deb hisoblab, o‘z noroziligini bildirdi. Vazir Alisher Shodmonov Bosh prokurorga shifokorga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atish to‘g‘risidagi qarorni bekor qilish masalasining ko‘rib chiqilishini so‘rab murojaat yo‘lladi.

Dushanba kuni ushbu murojaat yuzasidan Bosh prokuratura tomonidan javob xati keldi, deyama’lum qildi SSV, Unda qayd etilishicha, Bosh prokuratura mazkur jinoyat ishi hujjatlarini o‘rganish jarayonida X.D.ga nisbatan to‘plangan hujjatlar bo‘yicha olib borilgan tergovga qadar tekshiruv harakatlari har tomonlama, sinchkovlik bilan o‘tkazilmasdan, barcha holatlar to‘liq tekshirilmasdan, shoshma-shosharlik bilan barvaqt jinoyat ishi qo‘zg‘atish to‘g‘risida qaror qabul qilinganligini aniqlagan.

Shunga ko‘ra, Samarqand viloyat Ichki ishlar boshqarmasi huzuridagi Tergov boshqarmasi tomonidan X.D.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 257−1-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atish haqidagi qaror Bosh prokuratura tomidan bekor qilingan.

“Murojaat Bosh prokuratura tomonidan chuqur o‘rganilib, tezkorlik bilan ijobiy hal qilinganligi shifokorlarimizni quvontirishi, o‘z kasbiga nisbatan yana-da mas’uliyat bilan yondashib, faoliyat yuritishlariga zamin yaratishi shubhasiz”, deyiladi SSV xabarida.