Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar Yunusobod tuman sudi o‘tgan yilning yozida mashinasida uch o‘smirni urib yuborib, ulardan birining o‘limiga sabab bo‘lgan haydovchi Larisa Tolmacheva ustidan sud jarayoni yakuniga yetdi. Bu haqda O‘zbekiston Oliy sudi matbuot xizmati rahbari Aziz Abidov “Gazeta.uz"ga xabar qildi.

Eslatib o‘tamiz, 2019 yil 4 iyun kuni Nexia-3 rusumli avtomobil haydovchisi Larisa Tolmachyova 12 yoshli uch o‘smir — A.G., I.S. va Ya.S.ni urib yuborgan, natijada A.G. voqea joyida vafot etgan edi.

Mazkur holat yuzasidan Yunusobod tuman IIB tomonidan O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 266-moddasi 2-qismi (transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish odam o‘limiga sabab bo‘lsa) bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atildi. “Gazeta.uz” dastlabki tergov natijalari hamda sud yopiq deb e’lon qilinmaguncha birinchi sud muhokamalarini yoritgan edi.

Elza Shamsutdinova tomonidan olib borilgan sud jarayonida sudlanuvchi, guvohlar, jabrlanuvchilar va ularning qonuniy vakillarining ko‘rsatmalari tinglandi, dalillar o‘rganildi va sudlanuvchining dalillari o‘rganildi.

“Sud jinoyat ishning materiallarini har tomonlama va to‘la o‘rganib chiqib, Larisa Tolmachevani jinoyat sodir etishda O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 266-moddasi 2-qismi (transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish odam o‘limiga sabab bo‘lsa) bo‘yicha aybdor deb topdi. Sudning 2020 yil 18 maydagi hukmi bilan Larisa Tolmachevani 3 yil muddatga transport vositalarini boshqarish huquqidan mahrum qilish bilan 4 yilga ozodlikdan mahrum qildi. Sud jazoni koloniyalarda o‘tashni va jazo muddatini 2019 yil 6 iyundan boshlab aniqladi”, — deyiladi Oliy sud bayonotida.

Aybdor tomon jinoyat ishlari bo‘yicha Yunusobod tuman sudining hukmi ustidan 10 kun ichida shikoyat qilishi va protest keltirishi mumkin.