Rossiyada bo‘lib turgan O‘zbekiston fuqarolariga mamlakatning Moskvadagi elchixonasi tomonidan “Mehr” loyihasi doirasida moliyaviy yordam tarqatilishi boshlandi, deya xabar qilindi diplomatik vakolatxonadan.

Loyiha 14 may kuni boshlangan bo‘lib, bu vaqt davomida 202 nafar o‘zbekistonlikka 1,2 mln rubldan ziyodroq mablag‘ tarqatildi. Pullar murojaat qiluvchilarning bank plastik kartalariga o‘tkazib berildi.

Yordam olganlar orasida:

  • Rossiya OTMlarining kunduzgi bo‘limlarida tahsil olayotgan 190 nafar talaba;
  • Koronavirus infeksiyasi tasdiqlangan 8 nafar vatandosh;
  • Nogironligi bo‘lgan 2 nafar fuqaro;
  • Qaramog‘ida 2 yoshgacha bo‘lgan farzandi bo‘lgan 1 nafar ayol fuqaro;
  • 7 oylikdan oshgan homiladorligi bo‘lgan 1 nafar ayol bor.

Eslatib o‘tamiz, bu koronavirus pandemiyasi sababli karantin cheklovlari joriy etilishi ortidan murakkab vaziyatga tushib qolgan O‘zbekiston fuqarolari uchun bir martalik to‘lov hisoblanadi.

Yordam olish uchun mexr.rf elektron portali orqali ariza yuborish lozim. Uning olish shartlari haqida avvalroq xabar bergan edik.

Elchixonaning qayd etishicha, ikki kun ichida diplomatik vakolatxona portaliga Rossiyaning qariyb barcha hududlaridan 12 mingdan ortiq ariza kelib tushgan. Biroq bir qism arizalar yordam ajratish shartlariga to‘liq javob bermaydi. “Shu munosabat bilan elchixona „Mehr“ loyihasi talablariga javob bermaydigan fuqarolarga boshqa mexanizmlar orqali yordam ko‘rsatish bo‘yicha choralarni ko‘rmoqda”, — deya xabar qilindi elchixonaning Facebook-sahifasida.

Moliyaviy yordam jamg‘armasini shakllantirishda homiylar, shu jumladan tadbirkor va metsenat Alisher Usmonov ishtirok etdi.