18 maydan O‘zbekistonda yo‘lovchi havo va temir yo‘l transporti qatnovlari qisman qayta tiklandi. Biroq samolyot va poyezdga chiqish uchun yo‘lovchilardan reysgacha 120 soat muddat ichida koronavirusga test topshirish va natijalar «salbiy» chiqqani haqidagi ma’lumotnomani taqdim etish talabi joriy etilgan edi.

Avvalroq xabar qilganimizdek, Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi COVID-19 testini topshirish narxini 224415 so‘m etib belgilagan edi.

Dushanba kuni Respublika maxsus komissiyasi mazkur talabni bekor qildi. Bunda karantin sharoitida aholining iqtisodiy holati e’tiborga olindi. Shuningdek, mazkur qaror qfuqarolarning hududlararo harakatlanishida ortiqcha noqulayliklar yuzaga kelishining oldini olish maqsadida qabul qilindi.

Endilikda yuqorida ko‘rsatilgan reyslar bo‘yicha harakatlanayotgan yo‘lovchilardankoronavirus infeksiyasiga test tahlillari olinganligi haqidagi ma’lumotnoma talab etilmaydi.

Shu bilan birga, avia va temir yo‘l qatnovlarini tashkil etishda barcha karantin qoidalariga amal qilish, shu jumladan, yo‘lovchilar sonini kamaytirish, dezinfeksiya qilish va boshqa sanitariya talablari so‘zsiz bajarilishi talab etiladi.