Bugun O‘zbekistonda yana ob-havoning nobarqaror bo‘lishi kutilmoqda, deya xabar qildi O‘zgidromet matbuot xizmati.

Volga bo‘yi hudidan nam va salqin havoning kirib kelishi natijasida mamlakatning Qoraqalpog‘iston va Xorazm viloyatidan tashqari, ko‘pgina hududlarida yomg‘ir yog‘adi. Ayrim joylarga kuchli yomg‘ir yog‘ishi va momaqaldiroq bo‘lishi mumkin.

Respublika hududidan sovuq atmosfera fronti o‘tishi bilan shamolning tezligi sekundiga 15−20 metrgacha kuchayishi kutilmoqda, shamol shiddat bilan esganda uning tezligi 23−28 metrgacha yetadi. Kunduzi havo harorati pasayib 20−25 darajani tashkil etadi.

Ertaga respublikaning ko‘pgina hudularida yomg‘ir yog‘ishi to‘xtaydi, faqat markaziy va sharqiy viloyatlarda qisqa muddatli momaqaldiroqli yomg‘ir yog‘ishi mumkin. Havo harorati 22−27 daraja atrofida bo‘ladi.

20 maydan va hafta oxirigacha xorijiy janubdan O‘zbekiston hududiga kirayotgan quruq va iliq havo oqimi kun sayin kuchayadi. Nihoyat respublikada quyoshli havo kuzatiladi. Havo harorati asta-sekin ko‘tarilib, dam olish kunlari kechasi 17−20 daraja, kunduzi 32−35 darajaga yetadi, mamlakatimiz shimoli, janubiy va cho‘l zonalarida 37 darajagacha ko‘tariladi, bu o‘rtacha ko‘p yillik ko‘rsatkichlardan 6−8 darajaga yuqoridir.