O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi aprel oyi oxirida e’lon qilingan davlat tilida ish yuritishni joriy etish to‘g‘risidagi qonun loyihasi atrofidagi muhokamalar yuzasidan munosabat bildirdi.

14 may kuni Rossiya TIV vakili Mariya Zaxarova qonun loyihasi tarafdorlari kamchilikni tashkil etishini ma’lum qilgan edi (video).

«Biz OAVda muzokaralarga sabab bo‘lgan ushbu qonun loyihasiga e’tibor berdik. Bizga uning [qonun loyihasining] tarafdorlari hozircha kamchilikni tashkil etmoqda. Ko‘plab izohlar rus tilini rasmiy doiralarda to‘laligicha saqlab qolish bo‘yicha bildirilmoqda. Bu tarix ruhiyatiga, hozirgi ikkitomonlama munosabatlar sifatiga, asosiysi, Rossiyada ishlash va o‘qish qarorini qabul qiladigan O‘zbekiston fuqarolarining manfaatlariga to‘g‘ri keladi», — deya ta’kidlagan Mariya Zaxarova.

«Davlat tilini tartibga soluvchi sohaga bog‘liq masalalar davlatning mutlaq ichki siyosatiga daxldor bo‘lib, har qanday aralashuv aslo maqbul emas», — deya ma’lum qildi O‘zbekiston TIV bunga javoban.

Tashqi siyosat mahkamasi mamlakat hududida yashovchi barcha millat va elatlar tiliga hurmat bilan munosabatda bo‘lish respublika qonunchiligida o‘z ifodasini topganini ta’kidladi. «O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 4-moddasiga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi o‘z hududida istiqomat qiluvchi barcha millat va elatlarning tillari, urf-odatlari va an’analari hurmat qilinishini ta’minlaydi, ularning rivojlanishi uchun sharoit yaratadi».

TIV 1995 yilda qabul qilingan «Davlat tili to‘g‘risida"gi O‘zbekiston Respublikasi qonunining 9-moddasiga binoan davlat hokimiyati va boshqaruv organlarida ish davlat tilida yuritilishini eslatib o‘tdi.

Xuddi shu «qonun o‘z ona tilini o‘rganish va undan foydalanish, xususan ta’lim olish, davlat tashkilotlariga murojaat qilish, huquqiy va boshqa ma’lumotlardan foydalanish hamda ishbilarmonlik muomalasida hech qanday to‘siqlarsiz qo‘llash imkoniyatini kafolatlaydi», — deya qayd etdi TIV.

«Shu munosabat bilan O‘zbekistonda istiqomat qiluvchi boshqa millatlar holati to‘g‘risida tashvishlarga hech qanday asos yo‘q. Gap yuqorida zikr qilingan 1995-yilda qabul qilingan qonun ijrosi haqida ketmoqda. Tashqi ishlar vazirligi mamlakatimizda davlat tili haqidagi qonun talablariga rioya etish bilan bog‘liq masalalarni muhokama qilish jarayonida xolis bo‘lishga, oldindan asossiz xulosa chiqarmaslikka va hurmat saqlanishiga umid qiladi», — deyiladi bayonotda.

Eslatib o‘tamiz, Rossiya TIV vakili bayonotiga ko‘plab deputatlar, jamoatchilik vakillari, xususan jurnalistlar va blogerlar qarshi munosabat bildirib, mazkur qonun loyihasi tarafdorlari ozchilikni tashkil etmasligi, qolaversa uning bayonoti suveren respublikaning ichki ishlariga aralashish ekanini ta’kidladi.