“Mahalla” xayriya jamoat fondi va “Saxovat va ko‘mak” jamg‘armasi xayriya mablag‘larini talon-toroj qilgan shaxslarga jinoyat ishi qo‘zg‘atildi, deya xabar qildi Bosh prokuratura matbuot xizmati rahbari Hayot Shamsutdinov.

Oqqo‘rg‘on tumani hokimining mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash masalalari bo‘yicha o‘rinbosari M.A. va tuman “Mahalla” xayriya jamoat fondi hisobchisi B.N. tumandagi ehtiyojmand oilalarni moddiy qo‘llab-quvvatlash maqsadida kelib tushgan mablag‘larni turli yo‘llar bilan naqdlashtirib, jami 109,2 mln so‘m pullarni o‘zlashtirishgan.

Shu bilan birga, 2020 yilda “Saxovat va ko‘mak” jamg‘armasiga kelib tushgan mablag‘lardan 44 mln so‘mni maqsadsiz sarflab, rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilganliklari aniqlandi.

Mazkur holat yuzasidan 16 may kuni Departamentning viloyat boshqarmasi tomonidan JKning 167-moddasi (o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) 3-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

Tergov harakatlari olib borilmoqda.