18 may kuni Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining 73-chi Bosh assambleyasi video-rejimda o‘z faoliyatini boshladi. Yalpi majlisni Xitoy Xalq Respublikasi rahbari Si Szinpin ochib berdi.

Tadbir davomida, Si Szinpin Xitoy yangi koronavirusning mamlakatda tarqalishi va unga qarshi kurash choralari to‘g‘risida Sog‘liqni Saqlash tashkilotiga yetarli va oshkora ma’lumot berganini aytdi.

XXR rahbari, shuningdek, Xitoyning koronavirus tarqalishiga qarshi kurash va rivojlanayotgan davlatlarga yordam berish bo‘yicha harakat dasturini taqdim etdi. Xususan, ikki yil ichida Pekin epidemiyadan zarar ko‘rgan davlatlarni qo‘llab-quvvatlash uchun 2 milliard dollar ajratadi.

BMT bilan hamkorlikda Xitoyda dunyoning muhtoj mamlakatlariga epidemiyaga qarshi dori-darmonlarni ishonchli yetkazib berish uchun global omborxona va xab tashkil etiladi. Ushbu zarur vositalarni eksport qilish uchun yashil bojxona yo‘lagi tashkil etiladi.

Shuningdek, Afrika mamlakatlariga yordam berish imkoniyatini yengillashtirish uchun Xitoy 30 ta maxsus mexanizmni yaratadi. Si Szinpin, bundan tashqari, “Katta yigirmatalik” (G-20) tomonidan qashshoq davlatlarning qarzlarini to‘lashga moratoriy joriy etish g‘oyasini ilgari surishini aytdi.