O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev “Koronavirus pandemiyasi davrida aholi va tadbirkorlik sub’ektlarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi farmonni imzoladi.

Hujjatga muvofiq, 2020 yil 1 iyundan 1 sentyabrgacha

  • kichik tadbirkorlik sub’ektlari;
  • bozorlar va savdo majmualari;
  • kinoteatrlar;
  • umumiy ovqatlanish joylari;
  • jamoat transportlari tashkilotlari;
  • sport-sog‘lomlashtirish muassasalari;
  • shuningdek, yo‘lovchilarni tashish, maishiy xizmat ko‘rsatish, yopiq joylarni ijaraga berish, shu jumladan banketlar tashkil etish bilan shug‘ullanadigan yuridik shaxslar mol-mulk va yer solig‘i to‘lashdan ozod qilinadi.

Kichik tadbirkorlik sub’ektlariga

  • 19 martdagi PF-5969 va 3 apreldagi PF-5978-sonli farmonlarga muvofiq aprel-may oylari uchun taqdim etilgan, mol-mulk va yer solig‘ining foizsiz kechiktirish (bo‘lib-bo‘lib to‘lash) summalaridan;
  • 1 yanvardan boshlab 15 maygacha bo‘lgan muddatda yer va mol-mulk solig‘i bo‘yicha hisoblangan penya va jarimalardan voz kechiladi.

Tadbirkorlar uchun tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni)ni olib kirishda (import) qo‘shilgan qiymat solig‘ini to‘lashni 120 kungacha kechiktirish huquqi beriladi.

1 maydan 1 iyulgacha mikrofirmalar va kichik korxonalar uchun ijtimoiy soliq stavkasi 12%dan 1%ga pasaytiriladi. Ustav fondida (ustav kapitalida) davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq bo‘lgan davlat korxonalari va yuridik shaxslar bundan mustasno.

Mikrofirma va kichik korxonalarning aylanma mablag‘lari kamayishining oldini olish maqsadida 2020 yil 15 may holatiga soliq qarzlari va soliq to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzganlik uchun penya va hisoblangan jarimalar bo‘yicha qarzdorliklarini undirish 1 sentyabrgacha to‘xtatiladi.

Davlat soliq xizmati organlari 15 may holatiga ularning bank hisobvaraqlaridan pul mablag‘larini o‘tkazish va yechib olish bo‘yicha inkasso topshiriqnomalarini qaytarib oladi.

Soliq to‘lovchilar 15 may holatiga bajarilmagan soliq majburiyatlarini bajarish bo‘yicha to‘lov topshiriqnomalarini qaytarib olish huquqiga ega.