Afg‘oniston prezidenti Ashraf G‘ani va uning siyosiy raqibi Abdulloh Abdulloh bir necha oy davom etgan siyosiy kelishmovchilikdan keyin hokimiyatni taqsimlash to‘g‘risidagi bitimni imzoladilar. Bu haqda qo‘shni mamlakatning Tolonews axborot agentligi ma’lum qildi.

Mazkur bitimga binoan, Afg‘onistonda siyosiy hokimiyatni Ashraf G‘ani va Abdulloh Abdulloh o‘rtasida teng ravishda (50/50) taqsimlanishi ko‘zda tutilgan. Xususan, Ashraf G‘ani prezident maqomini saqlab qoladi va Abdulloh Abdulloh esa Afg‘oniston Oliy milliy yarashuv kengashi raisi bo‘ladi. Ular Vazirlar mahkamasi tarkibini tanlashda ham teng huquqqa ega bo‘lishadi.

Shu bilan birga, bitim bilan ikki siyosatchi Afg‘onistonda barcha qarorlarni “kelishuv (konsensus)” asosida hal qilishga kelishib olishdi. Shu maqsadda, mamlakatda siyosiy murosani ta’minlash uchun Hukumat Oliy Kengashi tashkil etiladi. Ushbu kengash muhim milliy masalalar bo‘yicha prezident bilan maslahatlashadi.

Xabarda ma’lum qilinishicha, sobiq vitse-prezident general Abdulrashid Do‘stumga marshal unvoni beriladi va u Oliy Hukumat kengashi va Milliy xavfsizlik kengashi a’zosi bo‘lishi kelishilgan. Bu kelishuv bilan, endilikda, general Abdulrashid Do‘stum Afg‘oniston tarixidagi uchinchi marshalga aylandi.

Eslatib o‘tamiz, ushbu siyosiy inqiroz Afg‘onistonda 2019 yili o‘tkazilgan bahsli prezident saylovlari oqibatida paydo bo‘lgan. Saylovlarning natijasi fevral oyida e’lon qilinib, unda Ashraf G‘ani qichiq farq bilan g‘olib chiqqan edi. Saylovdagi mag‘lubiyatini tan olmagan bosh vazir Abdulloh Abdulloh davlat rahbari sifatida shu kuni o‘zida prezidentlik inauguratsiya marosimini o‘tkazgan. Ikki kundan so‘ng Ashraf G‘ani Abdulloh Abdulloh egallab turgan ijroiya hokimiyati rahbari lavozimini bekor qilgan va shu vaqtdan beri Afg‘oniston siyosiy noaniqlikda edi.