Osiyo Taraqqiyot Banki (OTB) koronavirus tarqalishiga qarshi kurash uchun O‘zbekistonga 1,36 million AQSH dollari miqdoridagi grant ajratishni ma’qulladi, deya bank matbuot xizmati xabar berdi.

Mazkur grant tibbiyot xodimlari uchun shaxsiy himoya vositalari va boshqa tibbiy uskunalarni sotib olishga sarflanadi, bu esa mamlakat sog‘liqni saqlash tizimining salohiyatini tezda oshirishga yordam beradi.

Bu mablag‘lar OTBning «2019 yilgi koronavirus kasalligi va boshqa yuqumli kasalliklarning tarqalishiga qarshi kurashda mintaqaviy yordam» loyihasi asosida ajratilib, mart oyida O‘zbekistonga dori-darmon sotib olish uchun ajratilgan 200 ming dollarlik dastlabki texnik yordamga qo‘shimcha bo‘ladi.

Shuningdek, Osiyo Taraqqiyot Banki O‘zbekistonga yana 800 ta sun’iy nafas olish uskunalarini sotib olish uchun joriy kreditdan 19,5 million dollarni qayta taqsimlashga ruxsat berdi.

OTB O‘zbekiston hukumati va rivojlanish bo‘yicha boshqa sheriklar bilan mamlakatning sog‘liqni saqlash tizimini mustahkamlash uchun qo‘shimcha mablag‘larni jalb qilishda ishlamoqda, deyiladi bank bayonotida.