18 may soat 10:00 holatiga ko‘ra, O‘zbekistonda koronavirus infeksiyasi qayd etilganlar soni 2762 nafarni tashkil qilmoqda. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi xabar qildi.

Unga ko‘ra, qayd etilgan 9 nafar yangi kasallanish holatlarining 3 nafari xorijdan kelgan fuqarolarda (ulardan 2 nafari charter reysi orqali BAAdan olib kelingan va 1 nafari xalqaro yuk tashuvchi avtomashina haydovchisi bo‘lib, Rossiyadan Qozog‘iston orqali kelgan) hamda 6 nafar (barchasi Navoiy viloyatidan) oldindan karantinda bo‘lgan fuqarolar orasidan aniqlangan.

Bosh davlat sanitariya inspektori Nurmat Otabekov so‘zlariga ko‘ra, hozirda Respublika bo‘ylab koronavirus infeksiyasidan 494 kishi davolanmoqda.

Ayni paytda 49 mingdan ortiq fuqaro karantin muddatlarini o‘tayapti. Ularning 16 mingdan ortiqrog‘i statsionar sharoitida, qolgan 33 ming nafari uy sharoitida karantin tadbirlari bilan qamrab olingan.

Shuningdek, Respublikadagi mavjud virusologik laboratoriyalarda 502 mingtadan ortiq test sinovlari o‘tkazildi. Kechagi kunning o‘zida 14,5 mingdan ko‘proq virusologik tekshirishlar o‘tkazildi, dedi Nurmat Otabekov.

Koronavirus infeksiyasidan sog‘ayganlar soni hozirda 2247 kishini tashkil etmoqda. O‘n ikki kishi hayotdan ko‘z yumgan.