Sirdaryo viloyatida joylashgan Sardoba suv ombori to‘g‘oni o‘pirilishi natijasida yuzaga kelgan suv toshqini oqibatida qurbon bo‘lgan fuqarolar soni 6 nafarni tashkil etmoqda. Bu haqda shanba kuni bo‘lib o‘tgan Xalqaro press-klubning Sardobadagi falokatga bag‘ishlangan sessiyasida FVV tashkiliy-tahlil boshqarmasi boshlig‘i Komiljon Aripov ma’lum qildi.

Halok bo‘lganlarning 2 nafari ayol, 4 nafari erkaklardir. Shuningdek, bir kishi bedarak yo‘qolgan deb hisoblanmoqda.

Eslatib o‘tamiz, 5 may kuni bo‘lib o‘tgan videoselektor yig‘ilishida prezident Shavkat Mirziyoyev Sardoba suv ombori to‘g‘oni o‘pirilishi natijasida yuzaga kelgan suv toshqinida 4 kishining vafot etgani, 1 kishining bedarak yo‘qolganini ma’lum qilgan edi.

Jumladan, aholini xabardor qilish va qutqaruv ishlarini olib borish jarayonida Milliy gvardiyaning 3 nafar xodimini kuchli suv oqimi olib ketgan. Ular biri — Sanjar Ibragimov hodisa joyidan 15 km uzoqlikda sog‘ holda topilgan bo‘lsa, Xusniddin Suyarovning jasadi topilgan. Milliy gvardiya oddiy askari Xazrat Suyunov bedarak yo‘qolgan.