Sirdaryod viloyatida suv toshqiniga sabab bo‘lgan Sardoba suv omborining to‘g‘oni tuproqli-toshli bo‘lgan. Bu haqda O‘zbekiston suv xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Vohidjon Ahmadjonov shanba kuni Xalqaro press-klubning Sardobadagi falokatga bag‘ishlangan sessiyasida ma’lum qildi.

U to‘g‘onni qurishga beton va armatura ishlatilmagani to‘g‘risidagi savolga quyidagicha javob berdi:

“To‘g‘on dambasi uning loyihaviy konstruksiyasidan kelib chiqqan holda tuproqli va toshli bo‘lgan. To‘g‘onning suv chiqaradigan joyi esa betondan va armaturadan bo‘lgan”.

Shuningdek, vazir o‘rinbosari bunday suv omborlari juda ko‘pligini va bunda tuproqning turiga qaralishi kerakligini ta’kidlab o‘tdi.

“Bu joyning [Sardoba to‘g‘onining hududi] relefi va sharoitiga qarab qilinadi. Sirdaryo, Jizzaxga o‘xshagan hududlarda nafaqat bizda, balki butun dunyoda ham xuddi shu kabi tuproqli to‘g‘onlar qurib foydalaniladi”, — dedi Vohidjon Ahmadjonov.

Eslatib o‘tamiz, 1 may kuni ertalab Sirdaryo viloyatidagi Sardoba suv omborida to‘g‘on o‘pirilish sodir bo‘ldi. Suv toshqini natijasida Sardoba, Oqoltin va Mirzaobod tumanlaridagi aholi punktlari va ekinlarga zarar yetdi. Binolar, yo‘llar, kommunikatsiyalar vayron bo‘ldi. Uchta tumandagi 22 ta qishloqdan 60 mingdan ortiq aholi evakuatsiya qilindi.

Shuningdek, “Gazeta.uz” ochiq ma’lumotlar va axborot manbalari asoslanib “O‘zbekiston temir yo‘llari” qoshidagi “O‘ztemiryo‘lqurilishmontaj” korxonasi Sardoba suv ombori qurilishida bosh pudratchi bo‘lganini hamda gidroinshoot qiymati 1,3 trln so‘mni (404 mln dollar) tashkil etganini aniqlagan edi.