3 iyun kunidan boshlab Italiya o‘zining viloyatlari o‘rtasida harakatlanish bo‘yicha taqiqni va mamlakatga kirish va chiqishni cheklashni bekor qilmoqchi. Bu haqda Italiya hukumatining karantin tadbirlaridan chiqish qarori loyihasida qayd etilgan.

Mazkur hukumat qarori loyihasiga ko‘ra, Italiyaning bir viloyatidan ikkinchisiga o‘tish 3 iyundan boshlab ruxsat etiladi. Bunda, faqat biron bir hududda koronavirus infeksiyasinig xavfi katta bo‘lgan taqdirda mamlakat bo‘ylab sayohat cheklanishi mumkin. Shu bilan birga, loyihada aytilishicha, 18 may kunidan boshlab bitta viloyat ichida sayohat cheklovlari bekor qilinadi.

Shuningdek, loyihada mahalliy hokimlarga ijtimoiy masofalanish tadbirini amalga oshirib bo‘lmaydigan hududlarni vaqtincha yopib ko‘yish vakolati mavjudligi aytilgan.

Ma’lum qilinishicha, Italiya rasmiylari joriy cheklovlar yumshatilishi haqidagi qarorni 17 may kuni e’lon qilishi kutilmoqda.

Ma’lumot uchun, J.Konte hukumati mart oyi o‘rtalarida karantin joriy etilishi bilan mintaqalar o‘rtasida va ularning ichida harakatlanishni sezilarli darajada cheklab qo‘ygan edi. Safarlar faqat ish zarurati bo‘lganida, sog‘liq uchun yoki favqulodda vaziyatlarda mumkin edi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq, Sloveniya Yevropada birinchi bo‘lib mamlakatda koronavirus epidemiyasi yakuniga yetganini e’lon qilgan edi.