COVID-19 koronavirus pandemiyasi jahon iqtisodiyotini 3,2 foizga kamaytirishi va yil yakuniga qadar qariyb 8,5 trln AQSH dollari miqdorida moliyaviy yo‘qotish prognoz qilinmoqda. Bu haqda BMTning iqtisodiy va ijtimoiy masalalar bo‘yicha boshqarmasi tomonidan o‘tkazilgan yangi tadqiqotlar hisobotida so‘z boradi.

Hisobotga ko‘ra, rivojlangan mamlakatlarda 2020 yilda iqtisodiyotning o‘sish sur’ati 5 foizgacha qisqarishi kutilmoqda. Bu, o‘z o‘rnida, 1930 yillardagi “Buyuk Depressiya"dan keyingi keskin pasayishni anglatadi. 2021 yilda esa o‘sish darajasi o‘rtacha 3,4 foizga teng bo‘lib, yo‘qolgan mahsulotni qoplash uchun yetarli darajada bo‘lishi kutilmoqda.

Shu bilan birga, rivojlanayotgan davlatlarning YAIM 2020 yilda 0,7 foizga pasayib, undan keyin 2021 yilda 5,3 foizga ko‘tarilishi prognoz qilinmoqda.

“Iqtisodiy faoliyatning keng ko‘lamli cheklanishi va noaniqliklar tufayli global iqtisodiyot 2020 yilning ikkinchi choragida qotib qolishi mumkin. Biz hozir Buyuk Depressiyadan beri ko‘rilmagan kuchli retsessiyaning dahshatli haqiqatiga duch kelmoqdamiz,” — deya ta’kidladi BMTning bosh iqtisodchisi va bosh kotibning iqtisodiy rivojlanish bo‘yicha yordamchisi Elliot Xarris.

Koronavirus sog‘liqni saqlash sohasida va iqtisodiyotda misli ko‘rilmagan darajada va miqyosda inqirozni keltirib chiqardi, karantinga oid ta’qiqlar va chegaralarning yopilishi iqtisodiy faoliyatni to‘xtatib qo‘ydi va dunyo bo‘ylab millionlab ishchilar ishsiz qolishdi.

Prognozlarga ko‘ra, 2020 yilda 34,3 million kishi o‘ta qashshoqlik chegarasiga tushib qolishi mumkin, bunda, ushbu ko‘rsatgich Afrika mamlakatlarida 56 foizga o‘sishi kuzatiladi. Pandemiya oqibatida, ehtimolan, 2030 yilga qadar o‘ta qashshoqlikda yashaydigan odamlar qatoriga yana 130 million kishi qo‘shilishi mumkin, deyiladi hisobotda.

Ma’lum qilinishicha, dunyo bo‘ylab hukumatlar mazkur iqtisodiy inqirozni minimallashtirish uchun katta — dunyo yalpi ichki mahsulotining qariyb 10 foiziga teng moliyaviy choralarni amalga oshirdi.

Hisobotda xulosa sifatida keltirilishicha, pandemiya va inqirozdan eng ko‘p zarar ko‘rgan davlatlarga iqtisodiy va moliyaviy yordam ko‘rsatishda kuchli xalqaro hamkorlik kerak, chunki bu dunyoni barqaror rivojlanish trayektoriyasiga qaytarish uchun hal qiluvchi ahamiyatga ega bo‘ladi.

Eslatib o‘tamiz, BMTning avvalgi hisobotida koronavirus sababli jahon iqtisodiyoti 1 foizga kamayishi mumkinligi va iqtisodiy tengsizlik yanada kuchayishi ta’kidlangan edi.