Tojikistonda oxirgi bir kunda 106 ta yangi koronavirus infeksiyasi holati qayd etildi. Bu haqda mahalliy “Avesta” axborot agentligi mamlakat Sog‘liqni saqlash vazirligiga tayanib xabar qildi.

Qayd etilishicha, 14 may holatida qo‘shni respublikada kasallanganlar soni 907 kishiga yetdi. Mamlakatda koronavirus infeksiyasi ilk bor tasdiqlangan 30 apreldan shu vaqtga qadar mazkur infeksiyadan vafot etganlar soni 29 nafarga yetgan.

14 may holatida tibbiyot muassasalarida 4299 kishi shifokorlar nazorati ostida bo‘lib turibdi.

Eslatib o‘tamiz, ushbu kasallikka chalingan bemorlarni davolashda katta tajriba va malakaga ega bir guruh o‘zbekistonlik tibbiyot mutaxassislari 8 may kuni Tojikistonga jo‘nab ketgan edi. Ushbu guruhdan anesteziolog-reanimatolog, pulmonolog, epidemiolog, infeksionist, virusolog, hamshira o‘rin olgan.

Shuningdek, O‘zbekiston Tojikistonga koronavirus pandemiyasi davrida bemorlarga yordam ko‘rsatish uchun Damas negizidagi tez yordam avtomobillari partiyasini taqdim etdi. Har bir transport vositasi tibbiy xodimlar uchun qo‘shimcha shaxsiy himoya vositalari bilan jihozlangan bo‘lib, keyinchalik tibbiy muassasalar orasida tarqatiladi.