15 may kuni O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Sirdaryoga tashrifi chog‘ida Mirzaobod tumanida bo‘lib, favqulodda holatdan talofat ko‘rgan joylarda amalga oshirilayotgan ishlarni ko‘zdan kechirdi. Bu haqda prezident administratsiyasining matbuot xizmati ma’lum qildi.

Xabarga ko‘ra, Mirzaobod tumanning “Navbahor” mahallasi hududida 360 kvartirali 9 ta ko‘p qavatli uy barpo etilishi rejalashtirilgan. Shuningdek, “Navbahor”, “Haqiqat” va “Yangiovul” mahallalarida jami 616 ta kottej ta’mirlanadi. Ushbu ishlarga Sirdaryo, Jizzax, Farg‘ona, Namangan va Andijon viloyatlari quruvchilari biriktirilgan.

Mutasaddilar bilan suhbatda qurilish-ta'mirlash ishlarini sifatli bajarish kerakligi, mahalliy, energiya tejamkor va zamonaviy materiallardan foydalanish muhimligi ta’kidlandi, deyiladi xabarda.

Davlat rahbari mirzaobodlik nuroniylar, mahalla faollari va xonadon egalari bilan uchrashdi. Uchrashuv davomida, uy-joylar va infratuzilmani tiklash, elektr energiya, gaz, ichimlik suvi ta’minoti va yo‘llarni ta’mirlash bo‘yicha zarur choralar ko‘rilayotgani aytildi.


Shuningdek, aholini nafaqat uy-joy bilan ta’minlash, balki korxonalar tashkil etib, ish o‘rinlari yaratish masalasiga ham alohida e’tibor qaratildi.

Shu maqsad bilan qisqa vaqtda qiymati 2 trillion 143 milliard сўмлик 323 ta katta-kichik loyihalar shakllantirildi. Ularni tatbiq etish hisobiga Mirzaobod, Oqoltin va Sardoba tumanlarida joriy yilda 10 mingga yaqin ish o‘rni yaratish ko‘zda tutilgan.

Jumladan, Mirzaobod tumanida jami 1 trillion 12 milliard сўмлик 143 ta loyiha amalga oshirilib, 4,5 mingdan ziyod ish o‘rni tashkil etilishi mo‘ljallangani ma’lum qilinadi.

Ma’lum qilinishicha, Mirzaobodlik jabrdiydalarga ham, Sardobada bo‘lgani kabi, tegishli sertifikat va pul mablag‘li bank kartochkalari tarqatildi va davlat rahbari bu yerda ham qurilishi rejalashtirilgan turar joylarning poydevoriga tamal toshi qo‘ydi.


Avvalroq, Shavkat Mirziyoyev Sardoba tumanida mahalliy aholi vakillari bilan uchrashuv o‘tkazgan edi. Davlat rahbari suv toshqinidan zarar ko‘rgan 4,5 mingdan ziyod xonadon egalarining har biriga 40 million so‘mlik moddiy yordam ko‘rsatilishini va ta’mirlanadigan va yangi quriladigan uylar davlat tomonidan bepul qurib-ta'mirlab berilishini aytib o‘tgandi.