O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Sardoba tumanida mahalliy aholi vakillari bilan uchrashuv o‘tkazdi. Bu haqda Bu haqda prezident administratsiyasining matbuot xizmati ma’lum qildi.

Uchrashuvda, prezident suv omborida yuz bergan texnogen avariya juda katta sinov bo‘lganini, hukumat komissiyasi tashkil etilib, toshqin oqibatlarini bartaraf etishga barcha kuch va imkoniyatlar safarbar qilinganini yana bir bor qayd etdi.

“Bu ishlarni tashkil etish va Sirdaryo xalqidan xabar olish uchun bugun to‘rtinchi marta sizlarning oldingizga keldim. Har soat, har daqiqa bu yerdagi ishlar holatini surishtirib turibman, telefon orqali hisobot olyapman”, — dedi davlatimiz rahbari.

Xabarga ko‘ra, aholining turmush sharoitlarini tiklash asosiy vazifa ekani, zararlangan uylarni ta’mirlash hamda yangi turar joylar qurish bo‘yicha ishlar boshlab yuborilgani ta’kidlandi.

“Ta'mirlanadigan uylar ham, yangi quriladiganlari ham davlat tomonidan bepul qurib-ta'mirlab beriladi. Odamlar yangi ko‘p qavatli uylarga va o‘zlarining ta’mirlangan hovli-joylariga 1 sentyabrgacha to‘liq ko‘chib o‘tishi mumkin bo‘ladi. Shu bilan birga, uylari zararlangan odamlarning ilgarigi hovlilari ham o‘zlarida qoladi”, — dedi Prezident.

Qayd etilishicha, suv toshqinidan zarar ko‘rgan 4,5 mingdan ziyod xonadon egalarining har biriga O‘zbekiston prezidentidan 40 million so‘mlik moddiy yordam, shuningdek, televizor, muzlatgich, kir yuvish mashinasi, minipech, elektr choynak va dazmol kabi maishiy texnikalardan iborat sovg‘alar topshirilmoqda.

Uchrashuvda ta’kidlanganidek, Alisher Usmonov ajratgan 10 million dollar xayriya mablag‘i ham shu moddiy yordamga yo‘naltirilgan. Sirdaryo viloyatiga ko‘mak uchun hokimliklar, vazirlik va idoralar, xo‘jalik birlashmalari hamda tadbirkorlar ham yordam ko‘rsatgan.

Shuningdek, uchrashuvda qatnashgan sardobaliklarga tegishli sertifikat va bank kartochkalari tarqatildi.

Eslatib o‘tamiz avvalroq, prezident suv toshqinidan jabr ko‘rgan hududlarda olib borilayotgan ishlarni ko‘zdan kechirish uchun Sirdaryo viloyatiga kelgan edi.