Respublika maxsus komissiyasi qaroriga ko‘ra, 18 maydan boshlab shaxsiy avtomobillarning harakati bo‘yicha cheklovlar bosqichma-bosqich bekor qilinadi. Bu haqda “KoronavirusInfo” rasmiy kanali xabar berdi.

Qarorga ko‘ra, hududlar bo‘yicha quyidagi tartib joriy etiladi.

“Sariq” toifadagi hududlarda ➖ soat 06.00dan — 22.00 ga qadar bo‘lgan vaqt oralig‘ida avtotransport vositalarining maxsus ruxsatnomasiz (stikersiz) harakatlanishiga ruxsat berildi. Bunda avtotransport vositalarining salonida 4 kishidan ortiq bo‘lmasligi lozim.

“Qizil” toifadagi hududlarda ➖ avtotransport vositalarining maxsus ruxsatnomasiz (stikersiz) harakatlanishiga faqatgina kunning muayyan vaqtida (07.00 dan — 10.00 gacha, 17.00 dan — 20.00 gacha) fuqarolarning ish joyiga borib-kelishi, tibbiy buyumlar, dori vositalari, oziq-ovqat va birinchi galdagi mahsulotlarni xarid qilish uchun harakatlanishiga ruxsat beriladi.

“Yashil” toifadagi hududlarda ➖ Respublika maxsus komissiyasi yig‘ilishining 6 maydagi qarori bilan avtotransport vositalarining maxsus ruxsatnomasiz (stikersiz) harakatlanishiga ruxsat berilgan edi.

Bundan tashqari, 18 maydan boshlab Toshkent shahridan Nukus, Urganch, Termiz shaharlariga aviaqatnovlar (borish va qaytish) tiklanadi.

Shuningdek, Toshkent shahridan Navoiy, Buxoro, Qarshi shaharlariga “Afrosiyob” tezyurar poyezdi hamda Farg‘ona vodiysiga temir yo‘l qatnovi (borish va qaytish) qayta yo‘lga qo‘yiladi.

Shu bilan birga avia va temir yo‘l qatnovlarini tashkil etishda barcha karantin qoidalariga amal qilish, shu jumladan, yo‘lovchilar sonini kamaytirish, dezinfeksiya qilish va boshqa sanitariya talablari so‘zsiz bajarilishi talab etiladi.

Respublika maxsus komissiyasi tomonidan Karantin davrida mahalliy yo‘nalishlarda avia va temir yo‘l qatnovlarini yo‘lga qo‘yishning Vaqtinchalik tartibi tasdiqlandi.