Moliya vazirligi Qurilish vazirligi tomonidan qimmatbaho Land Cruiser 200 avtomashinasi istisno tariqasida tanlovlarsiz, to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnoma asosida sotib olinishi yuzasidan munosabat bildirdi.

Unda aytilishicha, Moliya vazirligiga 7 may kuni Qurilish vazirli tomonidan tayyorlangan Vazirlar Mahkamasi farmoyishi loyihasi kelishish uchun kelib tushgan. Hujjat loyihasida Qurilish vazirligining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash maqsadida Land Cruiser 200 rusumli avtomashinasi xaridini istisno tariqasida tanlovlarsiz, to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnoma asosida amalga oshirish vazifasi yuklatilgan. Toyota kompaniyasining Toshkentdagi rasmiy dileri veb-saytida ushbu modelning narxi 1,4 mlrd so‘mdan boshlanadi.

Eslatib o‘tilganidek, prezidentning 2019 yil 13 avgustdagi farmoniga asosan vazirlik va idoralar, shuningdek, xo‘jalik boshqaruvi organlari va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining davlat xaridlarini amalga oshirishda istisno tarzida to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar tuzish huquqini berishni nazarda tutuvchi normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini tayyorlash va Vazirlar Mahkamasiga kiritish taqiqlangan.

Farmoyish loyihasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnoma asosida davlat xaridini amalga oshirish bo‘yicha kiritilgan norma davlat xaridlari to‘g‘risidagi qonun-hujjatlari talablariga zid bo‘lgani sababli, shuningdek davlat xaridlarini ochiqlik va shaffoflik, raqobat va xolislik, moliyaviy mablag‘lardan foydalanishning oqilonaligi, tejamkorligi va samaradorligi kabi prinsiplarga tayangan holda amalga oshirilishini ta’minlash maqsadida ushbu normani chiqarib tashlash bo‘yicha Moliya vazirligining taklifi bildirilgan, deyiladi xabarda.

Eslatib o‘tamiz, fevral oyida O‘zbekiston Moliya vazirligi davlat xizmatchilariga rasmiy transport vositalarini ajratib berish tartibini belgilaydigan yangi normativ hujjat ustida ish olib borayotgani haqida xabar berilgan edi.