15 may soat 10:00 holatiga ko‘ra, O‘zbekistonda koronavirus infeksiyasi qayd etilganlar soni 2652 nafarni tashkil qilmoqda. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi xabar qildi.

Unga ko‘ra, 7 nafar yangi kasallanish holatining 3 nafari xorijdan kelib, karantinga olingan, qolgan 4 nafari ham oldindan karantin muassasalarida kuzatuvda bo‘lgan fuqarolar orasidan aniqlandi. Xorijdan kelib, kasallanish qayd etilgan 3 nafar fuqaro 9 va 13 may kunlarida Tojikistondan kelgan va karantinga olingan.

Bosh davlat sanitariya inspektori Nurmat Otabekov so‘zlariga ko‘ra, hozirda Respublika bo‘ylab koronavirus infeksiyasidan 505 kishi davolanmoqda, 8 nafarining ahvoli og‘ir, deb baholanmoqda.

Ayni paytda 46 mingdan ortiq fuqaro karantin muddatlarini o‘tayapti. Ularning 15 mingdan ortiqrog‘i statsionar sharoitida, qolgan 31 ming nafari uy sharoitida karantin tadbirlari bilan qamrab olingan.

Shuningdek, Respublikadagi mavjud virusologik laboratoriyalarda 460 mingtadan ortiq test sinovlari o‘tkazildi. Kechagi kunning o‘zida 14,7 mingdan ko‘proq virusologik tekshirishlar o‘tkazildi, dedi Nurmat Otabekov.

Koronavirus infeksiyasidan sog‘ayganlar soni hozirda 2136 kishini tashkil etmoqda. O‘n bir kishi hayotdan ko‘z yumgan.