O‘zbekistonda Rossiya-Qozog‘iston chegarasidagi o‘tkazish punktida uyga qaytish uchun to‘plangan vatandoshlar bilan bog‘liq vaziyat o‘rganilmoqda. Bu haqda Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati xabar qildi.

Vazirlik ma’lumotlariga ko‘ra, Samara viloyatidan chiqish va Orenburg viloyatiga kirishda, “Mashtakovo” nazorat-o‘tkazish punkti yaqinida bir necha yuz nafar O‘zbekiston fuqarosi to‘planishi kuzatilmoqda. Ushbu fuqarolar Rossiyaning turli mintaqalaridan avtotransport vositalarida kelishmoqda va O‘zbekistonga qaytish uchun Qozog‘iston hududi orqali yo‘lak yaratishni talab qilishmoqda.

“Bosh konsulxona yurtdoshlarimiz va mahalliy hokimiyat bilan aloqa o‘rnatgan. Bundan tashqari, TIV Operativ shtabi Rossiya-Qozog‘iston chegarasidagi mavjud vaziyat to‘g‘risida ma’lumotni har tomonlama ko‘rib chiqish uchun Respublika maxsus komissiyasiga yubordi”, — deyiladi xabarda.

TIV yuqoridagilarni inobatga olib, fuqarolarni Respublika maxsus komissiyasi tomonidan tegishli qaror qabul qilguniga qadar tinchlikni saqlash, o‘rnatilgan karantin qoidalariga rioya qilishga chaqirdi.

TASS ma’lumotlariga ko‘ra, o‘zbek diplomatlari 13 may kuni Orenburg viloyatiga yetib kelgan hamda Rossiya va Qozog‘iston hukumatlari bilan vaziyatni muhokama qilmoqda.

“Fuqarolarimizning avtobuslarda Orenburg viloyatida chegarani kesib o‘tib, Qozog‘iston orqali vatanga qaytish haqidagi rejalaridan xabardormiz, biz buni qilmaslikka chaqirdik, biroq chaqiriqlarimizga quloq solishmadi. Natijada odamlar chegarada to‘planib qoldi, — dedi elchixona vakili agentlikka. — U joyda diplomatlarimiz, elchixona va O‘zbekiston Bosh konsulxonasi xodimlari bor. Ular Rossiya va Qozog‘iston hukumati bilan birgalikda ushbu muammoni hal etishga harakat qilishmoqda”.

“Interfaks"ning Orenburg viloyat sog‘liqni saqlash vaziri Tatyana Savinovaga tayanib xabar qilishicha, bir qism migrantlar chodirli lagerga joylashtirilgan, biroq ularni vatanga qaytarish masalasi hukumat tomonidan ko‘rib chiqilayotgani yo‘q. U qaror Qozog‘iston va O‘zbekiston hukumatlariga bog‘liq ekanini ta’kidlab o‘tdi.

Axborot agentligining qayd etishicha, may oyining birinchi kunlarida koronavirus infeksiyasi va chegaralar yopilishi natijida Orenburg viloyatida qolib ketgan 500 nafardan ziyod Qirg‘iziston fuqarosi vatanlariga jo‘natilgan. Bu Qirg‘iziston va Qozog‘iston o‘rtasidagi o‘zaro kelishuv asosida amalga oshirildi.

Avvalroq O‘zbekistonning Moskvadagi elchixonasi koronavirus pandemiyasi sababli joriy etilgan karantin cheklovlari sharoitida Rossiyada bo‘lib turgan 65 ming nafarga yaqin fuqaro uyga qaytish uchun onlayn ariza topshirgani to‘g‘risida ma’lum qilgan edi.

“12 mayda… onlayn ro‘yxatda (elchixonaning Konsullik bo‘limi tuzgan) vatanga qaytish istagidagi 55 ming kishi mavjud. Xuddi shunday ro‘yxat Rossiya hududlaridagi O‘zbekiston bosh konsulxonalari tomonidan ham tuzilmoqda, ularga 10 mingga yaqin kishi ro‘yxatga olingan. Faqatgina 11−12 may kunlari… 14 ming nafar vatandoshlarimiz elchixonaga O‘zbekistonga qaytishda ko‘mak ko‘rsatishni so‘rab murojaat qilgan”, — deyiladi elchixona murojaatida.

Diplomatik missiya O‘zbekiston fuqarolarini tezroq vatanga qaytarish uchun elchixonaning butun kuchi safarbar qilingan. Xabarda qayd etilishicha, so‘nggi kunlarda Moskvadagi elchixona va konsullik bo‘limi yaqinida vatandoshlar yig‘ilishni boshlagan, bu esa kasallanish, jumladan koronavirus yuqtirish xavfini oshirmoqda. Diplomatik missiya Rossiyadan fuqarolarni olib chiqish uchun ro‘yxat faqatgina konsullik okrugi doirasida tuzilishini qayd etib o‘tdi.