Germaniyaning Koxa instituti mutaxassislari O‘zbekistonning koronavirus tarqalishidan kelib chiqqan holda hududlarga ajratish strategiyasini to‘g‘ri deb hisoblamoqda. Bu haqda Innovatsion sog‘liqni saqlash milliy palatasi matbuot xizmati “Gazeta.uz"ga ma’lum qildi.

Palata va Germaniya institutining 50 nafardan ziyod mutaxassislari videokonferensiya rejimida koronavirus karantinidan chiqish bo‘yicha strategiyalarni muhokama qilishdi.

“Karantindan chiqish karantinga kirishdan ko‘ra murakkabroq. O‘zbekiston hududlarni COVID-19 yuquvchanligi darajasidan kelib chiqib turli zonalarga ajratib, juda to‘g‘ri strategiyani tanladi”, — dedi uchrashuv jarayonida institutning Xalqaro sog‘liqni saqlash markazi (ZIG) rahbari o‘rinbosari Andreas Yansen.

Germaniyalik mutaxassisning fikricha, “sariq” va “yashil” hududlarda kasallangan va ular bilan aloqada bo‘lgan shaxslarni tekshirish, “qizil” hudud esa karantin choralarini kuchaytirish tadbirlarini o‘tkazish juda muhim.

“Hududlarga ajratishni biz ham Yevropa davlatlarida amalga oshirmoqdamiz, bu Xitoyda ham qo‘llanildi, jumladan Xubey provinsiyasi ajratib olinib, bu yerda eng qat’iy karantin choralari joriy etildi”, — deya qo‘shimcha qildi Andreas Yansen.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda 8 maydan buyon viloyatlar, tumanlar va shaharlar “qizil”, “sariq” va “yashil” karantin hududlariga ajratilgan edi.