13 may kuni Prezident tomonidan «Toshkent shahri va Toshkent viloyatida doimiy propiska qilinishi lozim bo‘lgan shaxslar — O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari toifalarining ro‘yxati to‘g‘risida"gi Qonunga o‘zgartishlar va qo‘shimcha kiritish haqida» Qonun imzolandi.

Kiritilgan o‘zgartishlarga ko‘ra, «doimiy propiska» tushunchasi o‘rniga «doimiy yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatga olish» tushunchasi kiritildi.

Endilikda, fuqarolarga nafaqat birinchi va ikkinchi darajadagi qarindoshlari yashab turgan manzilga, balki ularning egaligida bo‘lgan boshqa manzildagi uy-joy maydoniga ham doimiy ro‘yxatga turish mumkin bo‘ladi.

Qonunga ko‘ra, oilaga tarbiyaga olingan (patronat) bolalar — tutingan ota-onaning doimiy yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatga olinadi.

Oldingi tartibga ko‘ra, er-xotinning nikohdan keyin 1 yil davomida birgalikda yashash sharti va 1 yil ichida nikoh bekor qilinganda propiska yo‘qotilishi haqidagi qoidalar endilikda o‘z kuchini yo‘qotdi va yangi qonundan chiqarildi.

Yangi tartibga ko‘ra, er-xotinga ular nikohdan o‘tkan kunning o‘zida yashash joyi bo‘yicha doimiy ro‘yxatga qo‘yish huquqi beriladi.

Shuningdek, Toshkent shahri va viloyatida joylashgan davlat tashkilotlarida 5 yil muddat mobaynida uzluksiz mehnat faoliyatini olib borayotgan mutaxassislar (texnik, xizmat ko‘rsatuvchi va ishlab chiqarish xodimlaridan tashqari), shuningdek ularning oila a’zolari mazkur hududlarda doimiy yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatga olinadigan bo‘ldi.

Oldinroq, O‘zbekiston prezidenti «Doimiy propiska qilish hamda turgan joyi bo‘yicha hisobga olish tartibini isloh qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi farmonga imzo chekkan edi.