“Bekobod dehqon bozori” nazoratchisidan 1 000 dollar talab qilgan tovlamachi ushlandi, deya xabar berdi Bosh prokuratura matbuot xizmati rahbari Hayot Shamsutdinov.

Tezkor tadbir Bosh prokuratura huzuridagi Departamentining Bekobod shahar bo‘limi, DXX va IIB xodimlari tomonidan o‘tkazildi. “Bekobod dehqon bozori” bosh nazoratchisi K.T.ga o‘zini bloger deb tanishtirgan fuqaro Sh. A. undan 1 000 dollar talab qilgan. Aks holda pandemiya sharoitida OAV xodimlariga bozorda antisanitariya holatlari mavjudligi haqida tanqidiy videotasvirlar oldirib, ijtimoiy tarmoqlarda tarqatish bilan qo‘rqitgan. U talab qilgan pulning 700 dollarini tovlamachilik yo‘li bilan olgan vaqtida ushlangan.

Shuningdek, fuqaro Sh. A. dehqon bozorining filialida Davlat dasturi asosida qurilish va ta’mirlash ishlari olib borilayotganligidan xabar topib, ushbu ta’mirlash ishlaridagi kamchiliklarni ijtimoiy tarmoqlarda tanqidiy tarzda ko‘rsatmaslik hamda ushbu ob’ektda qurilish-ta'mirlash ishlarini olib borayotgan firmaga hech kim tazyiq o‘tkazmasligi evaziga 300 dollari talab qilgani aniqlangan.

Mazkur holatlar yuzasidan fuqaro Sh. A.ga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.