Twitter xodimlari koronavirus sababli o‘rnatilgan karantin cheklovlari olib tashlangandan keyin ham uyda qolib ishlashlari mumkin bo‘ladi. Bu haqda kompaniya bosh direktori Jek Dorsi o‘z xodimlariga yuborgan elektron xatda aytib o‘tgan, deya xabar bermoqda Forbes.

Kompaniya ofislari sentyabrdan oldin aniq ochilmasligi va xizmat safarlari amalga oshirilmasligi aytilmoqda. Shaxsiy ko‘rishishlarni nazarda tutadigan har qanday katta tadbirlar esa yil oxirigacha bekor qilingan.

Twitter vitse-prezidenti Jennifer Kristi “Biz tezda javob berish va xodimlarga uydan turib ishlash imkoniyatini berish kerak bo‘lgan noyob vaziyatda edik, bunda bizning markazsizlashtirish va xohlagan joydan turib ishlash bo‘yicha siyosatimizga alohida e’tibor berish mumkin. So‘nggi bir necha oylar shuni ko‘rsatdiki, biz buni uddalay olamiz”, — deya yozgan.

Uydan turib ishlaydigan har bir xodim uchun xarajatlar 1000 AQSH dollarigacha oshirilgan. Ba’zi ishlar masalasida esa, misol uchun serverlar ishini qo‘llab-quvvatlash, xodimlar ish joyida bo‘lishi talab etiladi.

Oldinroq, Google va Facebook ham o‘z xodimlariga yil yakunigacha uydan turib ishlash imkoniyatini yaratib berishi haqida xabar berilgan edi.