UzAuto Motors kompaniyasi tomonidan jihozlangan Damas negizidagi tez tibbiy yordam avtomobillari partiyasi Tojikistonga yuborildi, deya xabar berdi kompaniya matbuot xizmati.

Avtomobillar maxsus tez tibbiy yordam parkini kengaytirish va pandemiya vaqtida bemorlarga o‘z vaqtida yordam ko‘rsatish uchun mo‘ljallangan.

Har bir transport vositasi tibbiy xodimlar uchun qo‘shimcha shaxsiy himoya vositalari bilan jihozlangan. Keyinchalik tibbiy muassasalar orasida tarqatish uchun avtomobillar Tojikiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligiga topshirildi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston avvalroq koronavirus pandemiyasiga qarshi kurashishda ko‘maklashish uchun bu borada tajriba orttirgan 15 nafar malakali tibbiyot xodimini qo‘shni respublikaga jo‘natgan edi. Tibbiyot guruhi tarkibidan anesteziolog-reanimatolog, pulmonolog, epidemiolog, infeksionist, virusolog, hamshira kabi tibbiyot xodimlari o‘rin olgan.

Ma’lumot uchun, Tojikistonda koronavirus infeksiyasi bilan bog‘liq 15 ta holat ilk bor 30 aprel kuni e’lon qilingan edi. 13 may holatida mamlakatda 729 ta COVID-19 holati qayd etilgan, 23 bemor hayotdan ko‘z yumgan.