Samarqand viloyatida tibbiyot xodimi 34 kishiga koronavirus yuqishiga sababchi bo‘lgan. Bu haqda Samarqand viloyati prokuraturasi axborot xizmati xabar berdi.

Ma’lumotga ko‘ra, viloyatdagi tumanlardan birida bo‘lim mudiri vazifasida ishlayotgan fuqaro X.D. joriy yilning 20 aprel kunidan sog‘lig‘ida o‘zgarish boshlanib, o‘zida yo‘tal, tana haroratining 39S gacha ko‘tarilishi, nafas qisishi kabi koronavirus infeksiyasi belgilarini his qilgani holda uy sharoitida davolana boshlaganligi aniqlangan.

U COVID-19 infeksiyasini yuqtirganini sezganligiga qaramasdan, karantin sharoitida tegishli tartibda davlat sanitariya nazorati organlarining tibbiy tekshiruvidan o‘tmasdan, 27 aprel kuniga qadar o‘zboshimchalik bilan uy sharoitida o‘zini o‘zi davolash bilan shug‘ullanib, sanitariyaga oid qonun hujjatlarini qo‘pol ravishda buzgan.

Oqibatda X.D. u bilan doimiy muloqotda bo‘lgan turmush o‘rtog‘i va boshqa qarindoshlari, o‘zi davolagan bemor va hamkasblaridan 11 nafariga, ular orqali yana 23 nafar shaxsga COVID-19 infeksiyasi yuqishiga sababchi bo‘lgan.

12 may kuni X.D.ga nisbatan JKning 257−1-moddasi 1-qismi (sanitariyaga oid qonun hujjatlarni yoki epidemiyaga qarshi kurash qoidalari buzish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

X.D. orqali kasallik yuqtirgan jami 34 nafar shaxsning barchasi karantinga olinib, viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasida davolanmoqda.