O‘zbekiston Respublikasi fuqarosining identifikatsiyalash ID-kartasi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash to‘g‘risida prezident farmoni loyihasi e’lon qilindi. Loyiha muhokamasi 26 mayga qadar davom etadi.

Farmon loyihasiga ko‘ra, ID-kartaga chip (ma'lumotlarni saqlovchi elektron qurilma) o‘rnatilishi ham nazarda tutilgan. Unda hujjat egasining biografik ma’lumotlari, raqamli fotosurati, qo‘l barmoq izi va elektron raqamli imzosi kiritiladi. Loyihada aytilishicha, qonunchilikka asosan boshqa ma’lumotlar ham kiritilishi mumkin.

ID-karta O‘zbekiston Respublikasi fuqarolariga tug‘ilganidan boshlab beriladi. Mamlakat hududida yashovchi fuqarolar 18 yoshdan ID-kartaga ega bo‘lishlari shart. 18 yoshgacha ID-karta ixtiyoriy bo‘ladi.

Mamlakatda doimiy yashovchi chet el fuqarosi va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarga ham ID-kartasi berilishi rejalashtirilmoqda.

ID-karta fuqarolarga quyidagi amal qilish муддатларига beriladi:

  • tug‘ilgan kunidan boshlab bir yoshgacha — ikki yil muddatga;
  • bir yoshdan 16 yoshgacha — 5 yil muddatga;
  • 16 yoshdan oshgan shaxslarga — 10 yil muddatga.

Fuqaro 14 yoshdan boshlab ID-karta rasmiylashtirishda barmoq izlarini topshirishi shart.

ID-karta MvaFRB tomonidan hujjatlar qabul qilib olingan kundan boshlab uch ish kunida berilishi belgilanadi.

Hujjat belgilangan namuna bo‘yicha lotin harfida o‘zbek tilida, Qoraqalpog‘iston Respublikasi uchun esa — qoraqalpoq yoki lotin harfida o‘zbek tillarida personallashtiriladi.

ID-karta blankasiga quyidagi asosiy ma’lumotlar kiritiladi:

  • hujjatning nomi;
  • ID-kartaning raqami;
  • ID-karta egasining familiyasi, ismi, otasining ismi;
  • millati;
  • tug‘ilgan sanasi;
  • fuqaroligi;
  • tug‘ilgan joyi;
  • jinsi;
  • berilgan sanasi;
  • kim tomonidan berilgani;
  • amal qilish muddati tugaydigan sana;
  • egasining raqamli surati;
  • egasi haqidagi mashina o‘qiydigan ma’lumotlar.

16 yoshga to‘lmagan fuqaroning millati uning ota va onasining o‘zaro kelishuviga muvofiq belgilanadi hamda Ichki ishlar vazirligi tomonidan belgilangan shakldagi arizada fuqaroning millati ko‘rsatib o‘tilishi rejalashitrilmoqda.

Farmon loyihasiga ko‘ra, ID-kartadagi millat haqidagi yozuv ota-onaning millatiga muvofiq yoziladi. Agar ota-onasi turli millatga mansub bo‘lsa, birinchi marta ID-karta berilayotganda fuqaroning xohishiga qarab ota-onasidan birining millati yoziladi. Fuqaroning yozma arizasiga ko‘ra millat haqidagi yozuv faqat bir marta, otasi yoki onasining millatiga o‘zgartirilishi mumkin.

O‘zbekiston Respublikasi hududida yashovchi fuqaro ID-karta olishi uchun quyidagilarni taqdim etadi:

  • Ichki ishlar vazirligi tomonidan belgilangan shakldagi ariza;
  • ilgari berilgan pasport yoki ID-karta;
  • fuqaroligi bo‘lmagan shaxs uchun O‘zbekiston Respublikasida yashash guvohnomasi (O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligini qabul qilgan holatda);
  • tug‘ilganlik haqidagi guvohnoma (birinchi marotaba rasmiylashtirilayotganda) yoki ID-karta;
  • nikoh to‘g‘risida guvohnoma (familiyasi o‘zgargan holda);
  • davlat boji to‘langanligi haqida kvitansiya (to‘lov tizimlari orqali to‘langanda kvitansiya majburiy emas).