Buxoro viloyatida yuz bergan tabiiy ofat oqibatlarini bartaraf qilish bo‘yicha Buhoro viloyati tezkor shtabi «Gazeta.uz»ga ma’lumot berdi.

Ma’lumotga asosan, Buxoro viloyatida 27 aprel kuni sodir bo‘lgan tabiiy ofat natijasida viloyatning barcha shahar va tumanlarida 41 927 ta bino va inshootlarga, shu jumladan 41 085 ta aholi xonadonlari, 842 ta ijtimoiy soha (359 ta maktab, 163 ta maktabgacha ta’lim, 96 ta sog‘liqni saqlash va 224 ta boshqa) ob’ektlariga turli xil darajada zarar yetganligi ma’lum bo‘ldi.

Mutaxassislarning hisob-kitobiga ko‘ra, ko‘rilgan zarar 141,6 milliard so‘mni tashkil etmoqda. Ushbu zararlarni qoplash maqsadida Respublika byudjetidan 100 mlrd so‘m va Buxoro viloyati byudjetidan 82 mlrd so‘m ajratilgan.

Viloyatda tabiiy ofatni bartaraf etish maqsadida Respublika vazirlik, idora, tashkilotlar va Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i kengashi, Toshkent shahar va barcha viloyat hokimliklari tomonidan 6,4 mlrd.so‘m homiylik mablag‘lari tushirilgan, hamda 2,9 mlrd.so‘mlik qurilish materiallari va 1,6 mlrd.so‘mlik oziq-ovqat maxsulotlari yetkazib berilgani ma’lum qilingan.

Qayd etilishicha, xozirgi vaqtga qadar 25 909 ta aholi xonadoni, 359 ta umumta’lim, 163 ta maktabgacha ta’lim, 96 ta sog‘liqni saqlash va 92 ta boshqa muassasalarda ta’mirlash ishlari to‘liq yakuniga yetkazilgan.

Aholi turar joylari va ijtimoiy soha ob’ektlariga yetkazilgan zararni bartaraf etishda jami 32 530 nafar quruvchilar qatnashmoqda.

Bugungi kungacha elektr ta’minoti 97% xonadonda, tabiiy gaz tizimi bo‘yicha zarar yetkazilgan xonadonlarning barchasida tabiiy gaz ta’minoti to‘liq tiklangan. Ichimlik suv ta’minotidan uzilib qolgan Olot, Qorako‘l Romitan, Vobkent, Kogon, Buxoro tumanlari va Buxoro shahrida ichimlik suv ta’minoti yo‘lga qo‘yilgan, deyiladi ma’lumotda.

Viloyatdagi mavjud 97 900 gektar paxta maydonidan kuchli yomg‘ir natijasida 6 451 gektar chigit ekilgan maydonlarni buzib to‘liq qayta ekish ishlari yakunlandi. 12 ming 619 gektar g‘alla maydoniga talofat yetgan bo‘lib, 680 gektar buziladigan g‘alla maydoni o‘rniga 128 gektar (45%) paxta ekildi, qolgan 185 gektar soya, 120 gektar kungaboqar, 19 gektar poliz, 68 gektar mosh va 40 gektar makkajo‘xori ekinlari ekilishi rejalashtirilgan.

Shuningdek, viloyatda tabiiy ofat natijasida 194 gektar issiqxonalarga va 2616 gektar bog‘larga talofat yetgan.

Eslatib o‘tamiz, 27 aprel kuni O‘zbekistonga Turkmaniston hududidan kuchli shamol kirib kelgan, Buxoro, Navoiy, Samarqand va Qashqadaryo viloyatlarida sekundiga 9−40 metrgacha tezlikda shamol esgan edi. Oqibatda 41 kishi jarohatlanib, bir kishi halok bo‘ldi. Shuningdek, uy-joylar, avtotransport vositalari, infratuzilma ob’ektlari va ekin maydonlariga zarar yetdi. Prezident Shavkat Mirziyoyev tabiiy ofat oqibatlarini ko‘zdan kechirish, zarur chora-tadbirlarni belgilash hamda aholi bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot qilish maqsadida Buxoroga yetib borgan edi.