O‘zbekistonda yangi koronavirus holatlari asosan karantinga olinganlar orasida aniqlanmoqda. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Koronavirusga qarshi kurash shtabi a’zosi Xabibulla Oqilov chorshanba kuni bo‘lib o‘tgan brifingda ma’lum qildi.

“Tahlillarga ko‘ra, yangi holatlar asosan karantinga olinganlar orasida aniqlanmoqda. Qolgan aholi orasida aniqlangan holatlar foizi sezilarli darajada past”, — dedi u.

SSV vakili oxirgi bir necha kunda kasallangan sonining ortgani mamlakatda karantin tadbirlari yengillashtirilgani bilan bog‘liq emasligini ta’kidlab o‘tdi. U yangi holatlar asosan quyidagilar orasida aniqlanayotganini ma’lum qildi:

  • charter-reyslar bilan chet ellardan qaytarib olib kelinayotgan fuqarolar;
  • avtomobil yo‘llari orqali chegaradan o‘tib kelayotgan fuqarolar;
  • uzoq masofalarga qatnovchi, katta yuk tashuvchi trasport vositalari xaydovchilari (dalnoboyiklar).

Eslatib o‘tamiz, oxirgi uch kun davomida O‘zbekistonda koronavirusga chalingan bemorlar soni qariyb 3 baravarga ortib, kunlik o‘sish 60 tadan ko‘proqni tashkil etmoqda.