Buxoro viloyatida traktorning ikkita tirkamasi zovurga qulab tushishi oqibatida vafot etgan ayollar soni uch nafarga yetdi. Bu haqda Buxoro viloyati IIB matbuot rahbari Quvvat Yarashev “Gazeta.uz"ga ma’lum qildi.

Avvalroq IIV huzuridagi Tergov departamenti hodisa natijasida ikki ayolning halok bo‘lgani, bir kishi jarohalanib, shifoxonaga yotqizilgani haqida xabar bergan edi.

Hodisa soat 10:00 lar atrofida Buxoro viloyati Romitan tumani Qumrabot MFY Saroy qishlog‘ida “Normurod Niyoz” fermer xo‘jaligi dala hududida sodir bo‘ldi. 45 yoshli “MTZ-80” traktori haydovchisi O.I. transport vositalari harakati uchun mo‘ljallanmagan cho‘l hududidan harakatlanib ketayotgan vaqtda, yomg‘ir yog‘ib, hudud loy bo‘lganligi sababli, traktor tirkamasi sirpanib, zovurga ag‘darilgan.

Natijada, tirkama ustida bo‘lgan fuqarolar 33 yoshli Sh. P. (ayol) va 34 yoshli O.I. (ayol) voqea joyida vafot etgan. 38 yoshli F.J. (ayol) esa tan jarohati olib shifoxonaga yotqizilib, keyinroq olgan tan jarohatlari oqibatida hayotdan ko‘z yumgan.

Mazkur holat yuzasidan Romitan tuman IIB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan Jinoyat kodeksining 266-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan jinoiy ish qo‘zg‘atilib, Buxoro viloyat IIB huzuridagi tergov boshqarmasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.

Huquqni muhofaza qilish organlari Yo‘l harakati qoidalarining 159-bandiga muvofiq, traktorlar, tirkamalar va yuk mototsikli kuzovida odam tashish mumkin emasligini eslatib o‘tdi.