12 may kuni prezident Shavkat Mirziyoyev “2020−2025 yillarga mo‘ljallangan O‘zbekiston Respublikasining bank tizimini isloh qilish strategiyasi to‘g‘risida"gi farmonni imzoladi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.

Farmonga ko‘ra, 2025 yilga qadar mamlakatning bank sektorida qo‘yidagi asosiy ko‘rsatgichlarni oshirish ustuvor qilib qo‘yilgan:

  • bank tizimi aktivlarining jami hajmida davlat ulushi bo‘lmagan banklar aktivlari hissasini joriy 15 foizdan 2025 yilga kelib 60 foizgacha oshirish;
  • banklar majburiyatlarining umumiy hajmida xususiy sektor oldidagi majburiyatlar hissasini joriy 28 foizdan 2025 yil yakuniga 70 foizgacha oshirish;
  • 2025 yilga kelib davlat ulushi mavjud kamida uchta bank kapitaliga zarur tajriba, bilim va nufuzga ega kamida uchta strategik xorijiy investorlarni jalb qilish;
  • umumiy kreditlash hajmida nobank kredit tashkilotlari ulushini joriy 0,35 foizdan 2025 yilga kelib 4 foizgacha oshirish.

Mazkur farmonda bank sohasini isloh qilishda moliya bozorida teng raqobat sharoitlarini yaratish, kreditlashni faqat bozor shartlari asosida amalga oshirish, banklarning davlat resurslariga qaramligini pasaytirish asosiy yo‘nalishlar sifatida belgilandi.

Shu o‘rinda, 2025 yilgacha xalqaro moliya institutlari ko‘magida “Ipoteka-bank” ATIB, “O‘zsanoatqurilishbank” ATB, “Asaka” ATB, AT “Aloqabank”, “Qishloq qurilish bank” ATB va “Turonbank” ATBdagi davlat ulushlarini bosqichma-bosqich xususiylashtirish nazarda tutilgan. Shu bilan birga, “Tashqi iqtisodiy faoliyat Milliy banki” AJ, “Agrobank” ATB va “Mikrokreditbank” ATB ustav kapitallarida davlat ulushini saqlab qolish rejalashtirilgan.

Farmonga muvofiq, Moliya vazirligi huzurida Davlat ulushiga ega tijorat banklarini transformatsiya qilish va xususiylashtirish bo‘yicha loyiha ofisi tashkil etilib unga moliya vazirining birinchi o‘rinbosari rahbarlik qiladi.

Mazkur Loyiha ofisiga tijorat banklarini transformatsiya qilish va xususiylashtirish jarayonlariga maslahatchi sifatida xalqaro konsultantlarni jalb qilish, tijorat banklardagi davlat aksiyalari paketini xususiylashtirishga doir masalalarda xalqaro moliya institutlari va salohiyatli xorijiy investorlar bilan muzokaralar olib borish va bitimlar tuzish vazifalari yuklatiladi.

Endilikda, strategiya ko‘ra, vazirliklar, idoralar va mahalliy davlat hokimiyati organlari rahbarlari tomonidan banklarning, shu jumladan, kredit portfeli va bank aktivlarini shakllantirish bilan bog‘liq tadbirkorlik tavakkalchiliklarini boshqarish faoliyatiga aralashish taqiqlanadi va O‘zbekiston Bosh prokuraturasi banklar faoliyatiga davlat organlarining ma’muriy aralashuviga yo‘l qo‘ymaslik qismi ijro etilishi ustidan nazoratni kuchaytiradi.

Shuningdek, Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi Moliya vazirligi bilan birgalikda ikki oy muddatda Tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasini boshqarish bo‘yicha kengash tarkibiga mustaqil a’zolarni kiritish orqali uni institutsional jihatdan mustahkamlash choralarini ko‘rishi farmonda qayd etib o‘tilgan.

Moliya vazirligi bergan sharhiga ko‘ra, ushbu farmonni qabul qilishdan asosiy sabab — bank sektorida to‘plangan muammolarni respublika moliya tizimining asosiy tarkibiy qismi sifatida hal etish zaruriyati. Ular orasida: davlatning haddan tashqari mavjudligi, raqobat kamligi, korporativ boshqaruv va bank xizmatlarining zamonaviy talablarga mos kelmasligi, shuningdek, dunyoda qo‘llanilayotgan Profil texnologiyalarining nisbatan past darajada rivojlanishi.