Alisher Usmonov jamg‘armasi tomonidan suv toshqini natijasida evakuatsiya qilingan Qozog‘istonning Turkiston viloyati Maqtaaral tumanidagi 30,42 ming kishiga ajratilgan 5,202 mln dollar halqqa tarqatilmoqda. Bu haqda Turkiston viloyati hokimiyatining matbuot xizmati xabar berdi.

Unga ko‘ra, Qozog‘iston bosh vaziri Asqar Mamin Turkiston viloyati hokimi Umirzaq Shukeyev bilan birgalikda Maqtaaral tumani Mirzakent qishlog‘i aholisi bilan uchrashib, toshqindan jabr ko‘rgan fuqarolarga Alisher Usmonov jamg‘armasidan ajratilgan mablag‘lar uchun dastlabki sertifikatlarni topshirishgan.

Ma’lum qilinishicha, ushbu mablag‘lar toshqindan zarar ko‘rgan oilalar boshliqlarining 5202 ta shaxsiy hisob raqamlariga o‘tkaziladi. Har bir evakuatsiya qilingan oila uchun 422 ming tenge (1000 AQSH dollari) miqdorida pul mablag‘i beriladi.

Ayni paytda barcha jabr ko‘rgan fuqarolardan ushbu mablag‘larni olish uchun hujjatlar qabul qilish jarayoni ketmoqda. Hujjatlar to‘liq to‘plangandan so‘ng, har bir oila ularga belgilangan pulni oladi, deyiladi xabarda.

Eslatib o‘tamiz, 1 may kuni ertalab Sirdaryo viloyatidagi Sardoba suv omborida to‘g‘on o‘pirilishi sodir bo‘ldi. Suv toshqini natijasida O‘zbekiston bilan chegarada joylashgan Maqtaaral tumanining 5 qishlog‘ida 845 ta uy suv ostida qoldi, 30 mingdan ortiq fuqaro evakuatsiya qilindi. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, 7639 ga ekin maydonini suv bosgan.

Shu o‘rinda, rossiyalik biznesmen Alisher Usmonov «Turkiston» korporativ ijtimoiy rivojlantirish jamg‘arma hisobiga Maqtaral tumanida suv toshqini tufayli evakuatsiya qilingan fuqarolar uchun 5 million 202 ming dollar (2.3 milliard teңge) o‘tkazib bergan.

Ma’lumot uchun, Alisher Usmonov Sirdaryo viloyatidagi suv toshqini oqibatlarini bartaraf etish va jabrlanganlarga yordam berish uchun O‘zbekistonga 10 mln dollar ajratgan edi.