BMT bosh kotibi Antoniu Gutterish O‘zbekiston prezidentiga yo‘llagan maktubida Sirdaryo viloyatida to‘g‘on o‘pirilgani oqibatidagi suv toshqinidan jabrlangan O‘zbekiston xalqi va qo‘shni Qozog‘iston xalqiga hamdardlik bildirdi. Bu haqda O‘zbekiston prezidentining matbuot xizmati xabar berdi.

Unga ko‘ra, BMT rahbari Sirdaryo viloyatida to‘g‘on yorilgani to‘g‘risidagi xabarni chuqur qayg‘u bilan qabul qilganini va muhtoj odamlarga yordam ko‘rsatishda O‘zbekiston va Qozog‘iston hukumatlari yaqindan o‘zaro hamkorlik qilayotganini yuksak baholashini ma’lum qilgan.

Shu bilan birga, BMT bosh kotibi O‘zbekiston prezidentini koronavirus infeksiyasining tarqalishini jilovlash, shuningdek, pandemiyaning ijtimoiy-iqtisodiy, shu jumladan aholining eng ehtiyojmand qatlamlari uchun oqibatlarni yumshatish bo‘yicha ko‘rilgan qat’iy choralarni yuksak baholashini aytib o‘tdi.

“Siz rahbarlik qilayotgan mamlakatning mintaqada jabr ko‘rgan davlatlarga, shu jumladan Afg‘oniston Islom Respublikasiga insonparvarlik yordami ko‘rsatish borasidagi sa’y-harakatlari uchun g‘oyat minnatdorman”, — dedi Antoniu Gutterish.

Shuningdek, o‘z maktubida Antoniu Gutterish global miqyosda o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha u e’lon qilgan da’vatni O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev qo‘llab-quvvatlagani uchun samimiy minnatdorchilik bildirgan.

“Ushbu da’vat butun dunyo bo‘ylab davlat va hukumat rahbarlari tomonidan, shuningdek, mintaqaviy sheriklar, fuqarolik jamiyati va din rahbarlari tomonidan ijobiy qabul qilingani meni ruhlantirdi. Eng muhimi, ushbu da’vatga bir qator o‘zaro nizolashayotgan tomonlar boshlang‘ich ijobiy munosabat bildirdi”, — deyiladi maktubda.