Sardoba suv omborida ro‘y bergan texnogen ofatning barcha aybdorlariga nisbatan, albatta, choralar ko‘riladi. Bu haqda dushanba kuni bo‘lib o‘tgan Senatning to‘rtinchi yalpi majlisida parlament yuqori palatasi raisi Tanzila Norboyeva ta’kidlab o‘tdi.

“Senat hukumatdan bugungi majlisda Sardoba masalasida so‘rov qiladimi, deb so‘rashyapti. Bunga aytishim mumkinki, davlat rahbari bir necha marta e’lon qildilar, Davlat xavfsizlik xizmati tomonidan jinoiy ish qo‘zg‘atilgan, hozir tergov ishlari olib borilyapti. Bu masala davlat rahbarining shaxsiy nazoratida. Qayerda korrupsiya bo‘lgan bo‘lsa, qayerda qonun buzilishi bo‘lsa, hammasiga, albatta, chora ko‘riladi”, — dedi u.

“Shu paytda xalqning uyushganini, bir-birini qo‘llab-quvvatlashini ko‘rdik, biz rahbarlar ham uyushib, bir-birimizni qo‘llab-quvvatlab, xalq muammolarini hal qilishda huquq-tartibot organlariga yordam berishimiz kerak”, — dedi Senat rahbari.

Sardoba suv ombori to‘g‘oni o‘pirilishi oqibatida Sirdaryo viloyatining Sardoba, Oqoltin va Mirzaobod tumanlarida 32381 ga yer maydoni suv ostida qoldi. To‘rt kishining halok bo‘lgani, bir kishining bedarak yo‘qolgani ma’lum. Qo‘shni Qozog‘istonning chegaradosh hududlari ham suv toshqinidan zarar ko‘rdi.

O‘zbekiston prezidenti hodisa “achchiq saboq” bo‘lganini ta’kidladi, to‘g‘onlar ekspertizasiga xalqaro ekspertlar jalb etilishini ma’lum qildi. “Kim bo‘lishi va egallab turgan lavozimidan qat’i nazar, qonun oldida javob beradi”, — deya qayd etdi prezident.