Sanitariya-epidemiologiya nazorati Davlat inspeksiyasi “Qanotchi” restorani karantin talablariga rioya etmasdan o‘zboshimchalik yo‘li bilan faoliyat yuritgan deya bayonot berdi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.

Xabarda aytilishicha, holat yuzasidan Toshkent shahar sanitariya-epidemiologiya nazorati Davlat inspeksiyasining buyurtmasiga asosan O‘zbekiston Respublikasi tadbirkorlik sub’ektlari huquqlari va manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha Toshkent shahar vakilining 10 maydagi kelishuvi asosida tekshiruv amalga oshirilgan.

Tekshiruv davomida Respublika maxsus komissiyasining 6 maydagi qaroriga zid ravishda koronavirus pandemiyasi davrida ruxsat berilmagan faoliyat turi bilan shug‘ullanayotgani aniqlanib, ushbu korxonaning ish faoliyati vaqtincha to‘xtatilgan.

“Qahvaxona rahbari Agzamov Sardorxo‘ja Erkinovichga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 54-moddasida ko‘rsatilgan huquqbuzarlik bo‘yicha to‘plangan hujjatlar qonunchilikda belgilangan tartibda ko‘rib chiqish uchun Yakkasaroy tuman Ma’muriy sudiga kiritilmoqda” -, deyiladi bayonotda.

Oldinroq Toshkent shahar IIBB ushbu restoran faoliyati sinov tariqasida amalga oshirilayotganligi haqida ma’lumot bergan edi. Umumiy ovqatlanish joyi dezinfeksiya moslamasi, mijozlar stollarini ajratib turuvchi himoya ekranlari bilan jihozlanib, SEOM bosh shifokori M. Qutratxodjayevaning sharhida qayd etilganidek, “…ishlab chiqilgan xavfsizlik choralari rejasiga rioya qilayotgan edi”, deyiladi IIBB xabarida.

Bundan tashqari, Toshkent shahar hokimligi ham ushbu vaziyat yuzasidan sharh berib, sinov o‘tkazilganligi va restoran yopilganligini tasdiqlagan edi.

“Eksperiment doirasida Qanotchi restorani ma’muriyati o‘z hisobidan ovqatlanish zalini SEOM me’yorlari asosida jihozlab, dezinfeksiya ishlarini amalga oshirdi va mehmonlarni zalda joylashtirish, ularga xizmat ko‘rsatish va kiritish bo‘yicha barcha belgilangan choralarni ishlab chiqdi”, — deyiladi hokimiyat xabarida.

Qanotchi restorani 10 maydan boshlab mehmonlarni qabul qilishni boshlaganligi haqida xabar bergan edi. Restoran rahbariyati “faoliyat barcha sanitariya-epidemiologik normalarga asoslangan holda amalga oshiriladi”, deya ta’kidlagan edi. Ushbu vaziyat yuzasidan jamoat muhokamalari kuchaygandan keyin, restoran ushbu xabarni o‘chirdi. Keyinroq, restoran sinov tariqasida ochilgani haqida ma’lumot berildi, lekin birinchi xabarda bu haqda aytilmagan edi.