Toshkentning Uchtepa tumanidagi Farhod avtomobil ehtiyot qismlar bozorida koronavirusga gumon qilingan fuqaroda COVID-19 infeksiyasi aniqlanmadi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lum qildi.

Xabarga ko‘ra, 11 may kuni Farhod avtomobil ehtiyot qismlar bozori xududiga kiraverishda o‘rnatilgan tibbiy tekshiruvlar davomida bir nafar fuqaroda yuqori harorat aniqlangan va u darhol izolyatsiyaga olingan. Koronavirusga gumon qilingan ushbu fuqaro bozor xududiga kirishga ulgurmagan.

Vazirlik ma’lum qilishicha, shu kunning o‘zida 1989 yilda tug‘ilgan (erkak) ushbu fuqarodan koronavirus infeksiyasini aniklovchi diagnostik tahlil o‘tkazilgan. Tahlil natijasi unda “COVID-19” infeksiyasi aniqlanmaganligini ko‘rsatdi, deyiladi xabarda.

Eslatib o‘tamiz, kuni kecha ijtimoiy tarmoqlarda “Farhod” avtoqismlar bozorida tadbirkorlaridan birida yuqori harorat kuzatilganligi tufayli bozor yopib qo‘yilganligi haqidagi xabarlar tarqalgan edi. Vaziyat yuzasidan savdo qatorlari ma’muriyati tomonidan bozor hududida sanitariya kuni e’lon qilindi. Ma’lumotga ko‘ra, hozirda mazkur bozorda dezinfeksiya ishlari amalga oshirilmoqda va ularning yakuniga ko‘ra bozor ishga tushishi rejalashtirilgan.