13 maydan 24 mayga qadar fuqarolarni xorijdan olib kelish bo‘yicha charter reyslar tashkillashtiriladi. Bu haqda Transport vazirligi matbuot kotibi Navro‘z Ashurmatov brifingda ma’lum qildi.

Amalga oshiriladigan parvozlarga diplomatik vakolatxonalar hamda konsullik muassasalari tomonidan fuqarolar ro‘yxatga olinadi hamda Uzbekistan Airways aviakompaniyasiga taqdim etiladi va fuqarolar ushbu ro‘yxat asosida havo kemasi bortiga kiritiladi, deyiladi xabarda.


Samolyotning Toshkentdan uchib ketish vaqti berilgan.

Ro‘yxatga birinchi navbatda kasal yoki bemor fuqarolar, yosh bolali va homilador ayollar hamda keksa yoshdagi fuqarolar, shuningdek bekor qilingan doimiy aviaqatnovlarga chipta xarid qilgan fuqarolar qo‘yiladi.

Chiptalarni fuqarolar parvozdan 4 soat oldin xorijiy mamlakatlarning xalqaro aeroportlaridagi Uzbekistan Airways aviakompaniyasining kassalaridan olishlari mumkin bo‘ladi, deya ma’lum qildi Ashurmatov.

Chiptalarning narxlari minimal tarifdan yuqori bo‘lmasligi belgilangan.

«Masalan Moskva — Sankt-Peterburg — Toshkent reyslariga chipta narxlari 147 dollar, Dehli — Toshkent reysiga 224 dollar, Sharja — Toshkent reysiga 221 dollar, Istanbul — Toshkent reysiga 285 dollar bo‘ladi», — deya xabar berdi Navro‘z Ashurmatov.

O‘zbekistonga qaytgan barcha fuqarolar 14 kundan kam bo‘lmagan muddatga karantin markaziga joylashtiriladi.