11 may kuni O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev “Respublika hududlarini qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirishga ixtisoslashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi qarorni imzoladi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.

Qarorga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligini rivojlantirishning 2020−2030 yillarga mo‘ljallangan strategiyasi doirasida respublika hududlarini bosqichma-bosqich qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining muayyan turlarini yetishtirishga ixtisoslashtiriladi.

Bunda asosan qishloq xo‘jaligini diversifikatsiya qilish, ichki va tashqi bozor talablariga javob beradigan raqobatbardosh mahsulotlar yetishtirishni ko‘paytirish hamda ilm-fan yangiliklarini keng joriy etish va mahsulot ishlab chiqaruvchilarning moddiy manfaatdorligini oshirish maqsadlari ko‘zlangan. Dastlabki bosqichda respublika bo‘yicha 55 ta tuman meva-sabzavotchilikka ixtisoslashtirilgan.

Endilikda, mazkur ishlarni samarali tashkil etish maqsadida eksperiment tariqasida 2020−2022 yillar davomida Jizzax viloyatining jami 116,3 ming gektar qo‘shimcha yer maydonlarini qishloq xo‘jaligi mahsulotlari (bog‘dorchilik va uzumchilik, sabzavot, kartoshka, poliz, dukkakli va dorivor o‘simliklar) yetishtirishga ixtisoslashtiriladi.

Ushbu yer maydonlarida agroklasterlarni tashkil etuvchi salohiyatli tashabbuskorlar, fermer xo‘jaliklari va boshqa sub’ektlarga qishloq xo‘jaligi maqsadlari uchun tanlov asosida ajratilishi qarorda belgilab o‘tilgan.

Shu o‘rinda, Jizzax viloyatining Zomin, Mirzacho‘l hamda Paxtakor tumanlarida, ularning geografik joylashuvidan kelib chiqqan holda, transport va infratuzilma ob’ektlari holati va tutash tumanlarning mahsulot yetishtirish hajmlarini inobatga olib, yirik agrologistik markazlarni tashkil etiladi.

Karorga mufofiq, 2021 yil 1 yanvardan boshlab 2023 yil 1 yanvarga qadar chetdan olib kirilayotgan urug‘lar, ko‘chatlar va payvandtaglar, mineral o‘g‘itlar, o‘simliklarni kimyoviy himoyalash vositalari, zamonaviy energiya tejovchi issiqxonalar va ularning butlovchi qismlari, tomchilatib va yomg‘irlatib sug‘orish tizimlari hamda ularning butlovchi qismlari bojxona bojidan ozod etiladi.

Shuningdek, qaror bilan ixtisoslashtirilgan hududlarda tashkil etiladigan har bir agroklasterga xalqaro сtaндартларга (Global GAP, Organic, ISO 22000 va boshqalar) muvofiq xavfsizlikni boshqarish tizimlarini joriy etish belgilangan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda kartoshkachilik klasterlari va kooperatsiyalari tashkil etilishi haqida xabar berilgandi.