AQSHda ishsizlik darajasi 20 foizgacha ko‘tarilib, 1930 yillardagi “Buyuk Depressiya” darajasiga yetishi taxmin qilinmoqda. Bu haqda The Washington Post xabar berdi.

10 may kuni AQSH prezidenti Trampning ikki yuqori darajali iqtisodiy maslahatchilari — Oq uyning iqtisodiy masalalar bo‘yicha maslahatchisi Kevin Xassett va G‘aznachilik kotibi Stiven Mnuchin AQSHda koronavirus pandemiyasi davom etavergan holda ishsizlik darajasining ko‘tarilashi va iyun oyida ishsizlik ko‘rsatgichi 20 foizgacha yuqorilashi mumkinligini ma’lum qilishdi.

AQSH Mehnat vazirligining so‘nggi hisobotiga ko‘ra, mamlakat iqtisodiyoti aprel oyida 20,5 million ish o‘rni yo‘qotib jami ishsizlik darajasi 14,7 foizga yetdi. Bu, o‘z o‘rnida, 1930 yillardagi “Buyuk Depressiya” davridan beri eng yuqori ko‘rsatgichdir.

Shuningdek, Oq uyning iqtisodiy masalalar bo‘yicha maslahatchisi Kevin Xassett CBS News nashriga bergan intervyusida ishsizlik darajasi nafaqat ko‘tarilishi, balki ishidan ayrilganlar qachon ishga qaytishini hech kim bilmasligini ta’kidlab o‘tdi. G‘aznachilik kotibi Stiven Mnuchin esa Fox News Sunday ga AQSH uchun joriy yilning ikkinchi choragi birinchi choragidan ham qiyinroq bo‘lishini kutish kerakligini aytib o‘tdi.

“Bu iqtisodiy inqiroz Amerika biznesining aybi emas, bu amerikalik ishchilarning aybi ham emas va bu virusning aybidir”, dedi Mnuchin.

Bunday salbiy tendensiyalarga qaramay, Mnuchin iqtisodiyot tiklanishiga umid bildirdi. U Trampning iqtisodiyot tarmoqlarinining faoliyatini bosqichma-bosqich qayta yo‘lga qo‘yish haqidagi chaqiriqlariga javoban sentyabr oyidan boshlab mehnat bozori o‘zini tiklab olishi kerakligini ta’kidladi.