O‘zbekiston Oliy Majlisi Senati 11 may kuni bo‘lib o‘tgan to‘rtinchi yalpi majlisda Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga tomorqa yer uchastkalaridan oqilona foydalanilishini ta’minlashga qaratilgan qo‘shimcha va o‘zgartishlar kiritish haqidagi qonunni rad edi. Bu haqda parlament yuqori palatasining matbuot xizmati xabar qildi.

MJTK yerga egalik qiluvchining taklifiga asosan belgilangan qishloq xo‘jaligi ekinlarini ekish haqida rasman ogohlantirilganligiga qaramay tomorqa yer uchastkasidan asossiz ravishda oqilona foydalanmaganlik uchun javobgarlikni nazarda tutuvchi 651-modda bilan to‘ldirilmoqda.

«Biroq ushbu norma amaliyotda turlicha talqin qilinishiga olib kelishi mumkin. Jumladan, undagi tomorqa yer uchastkasidan „asossiz ravishda“ yoki „oqilona“ foydalanmaslik yohud „samarasiz“ foydalanish kabi tushunchalar qonun hujjatlarida ochib berilmagan. Bu esa tegishli idoralar tomonidan javobgarlikka tortishda korrupsiya va boshqa suiiste’molliklarga zamin yaratadi», — deyiladi xabarda.

Bundan tashqari, mazkur qo‘shimcha tez orada o‘zining dolzarbligi va ahamiyatini yo‘qotadi, deya qo‘shimcha qildi Senat.

Xabarda qayd etilishicha, hozirda «Shaxsiy tomorqa xo‘jaligi to‘g‘risida"gi qonun loyihasi ishlab chiqilmoqda. Unda yuqoridagi kabi qonun hujjatlarda mavhum bo‘lgan tushunchalarni ochib berish, shaxsiy tomorqadan samarali foydalanish va aholi daromadini oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratilmoqda

Oziq-ovqat mahsulotlariga bo‘lgan talabni qondirish va narxlar o‘sishini to‘xtatib turish uchun barcha tomorqa egalari yer uchastkalaridan samarali foydalanishi kerakligini prezident topshirgan edi. U tomorqalar monitoringini dronlar orqali ham nazorat qilishga ko‘rsatma bergan edi.