11 may kuni Oliy Majlis Senati to‘rtinchi yalpi majlisida O‘zbekistonning Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi (YeOII) bilan hamkorligini ma’qulladi.

100 senatordan 91 nafari ovoz berishda ishtirok etdi. Shulardan 71 nafari qarorni ma’qulladi, 16 kishi «qarshi», 4 kishi betaraf bo‘ldi.

Senat raisi Tanzila Norbayeva O‘zbekistonning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi bilan bog‘liq ushbu muhim masala ikki yildan beri muhokama qilinishini ta’kidladi.

Xalqaro munosabatlar, tashqi iqtisodiy aloqalar, xorijiy investitsiyalar va turizm masalalari qo‘mitasi raisi Ravshanbek Alimov YeOII neft va gaz qazib olish bo‘yicha dunyoda birinchi, mineral o‘g‘itlar ishlab chiqarish bo‘yicha ikkinchi, temir yo‘llarning umumiy uzunligi bo‘yicha uchinchi, elektr energiyasi ishlab chiqarish bo‘yicha to‘rtinchi o‘rinda ekanligini ma’lum qilib o‘tdi. Ushbu tashkilot bilan hamkorlik tashqi savdo hajmining o‘sishi, mamlakatda yirik investitsiya loyihalarini amalga oshirish, hududiy klasterlar, sanoat va savdo zonalarini tashkil etishda mintaqalararo aloqalarni rivojlantirish imkoniyatlarini yanada kengaytirishini aytib o‘tdi.

Shu bilan birga, integratsiyaning O‘zbekiston tarmoqlari uchun kamchiliklari mavjud. «Ya’ni, muayyan davrda mahalliy ishlab chiqaruvchilar mahsulotlari narxlarining oshishi, ularning raqobatbardoshligiga salbiy ta’sir qilishi hamda ichki bozorda import mahsulotlari hajmi ko‘payishi bilan bog‘liq salbiy jarayonlar xavfi borligi aniqlandi. Bundan tashqari, respublikaning savdo saldosi va to‘lov balansi holati yomonlashishi xavfi mavjud», — dedi Ravshanbek Alimov.

U O‘zbekistonning Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqida (YeOII) kuzatuvchi davlat sifatida ishtirok etishini tasdiqlovchi Senat qarori loyihasini taqdim etdi.

Senatning Byudjet va iqtisodiy islohotlar masalalari qo‘mitasi raisi Erkin Gadoyevning ta’kidlashicha, bojxona qonunchiligini unifikatsiyalash va YeOII ichidagi tovarlar harakati bilan bog‘liq bojxona to‘lovlarini kamaytirishning oldini olish choralarini ishlab chiqish, shuningdek, mahalliy tadbirkorlar, ayniqsa, kichik biznesni, ularni moliyaviy holatining pasayishi va import qilinadigan tovarlarning ichki raqobatga salbiy ta’sirini hisobga olgan holda qo‘llab-quvvatlash kerakligini ta’kidladi. U, shuningdek, ittifoqqa kirishning barcha xavf-xatarlari bilan yaxshiroq tanishish va tahlil qilish uchun kuzatuvchi davlat sifatida ishtirok etishni ma’qullashni taklif qildi.

Senatorlar O‘zbekistonning YeOIIda «kuzatuvchi davlat» maqomida ishtirok etish taklifini ma’qullashdi va mazkur masala bo‘yicha Oliy Majlis Senatining tegishli qarori qabul qilindi.

O‘zbekiston konstitutsiyasiga muvofiq, Senat tomonidan ma’qullangan qonun prezident tomonidan imzolanganidan so‘ng rasmiy kuchga ega bo‘ladi.

Eslatib o‘tamiz, 28 aprel kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari O‘zbekistonning Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqiga kuzatuvchi sifatida kirishini ma’qullagan edi. Shunda, 150 deputatdan 132 nafari ovoz berishda ishtirok etib, ulardan 86 deputat «rozi», 32 nafari «qarshi» va 14 nafar deputat betaraf bo‘lib ovoz berishgandi.